“Moliyaviy texnologiyalar (Fintech)dagi innovatsiyalar: moliya sektorini nima kutmoqda?” mavzusiga bag‘ishlangan navbatdagi ilmiy-amaliy tadbirga taklif etilgan ma’ruzachi - “CLICK” kompaniyasi Kuzatuv Kengashi a’zosi, moliya texnologiyalari bo‘yicha ekspert U.Ziyamova tomonidan “O‘zbekiston moliya bozorining holati” mavzusi doirasida O‘zbekiston moliya bozorining hozirgi ahvoli, uning rivojlanish tendensiyalari, bank sektorida moliya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha islohotlar, moliyaviy platformalarning paydo bo‘lish tarixi, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb etish bilan bog‘liq masalalar yoritib berildi. Shuningdek, spiker moliyaviy institutlarning raqamli transformatsiyasi va moliya sohasidagi global tendensiyalar bilan bog‘liq tahlillar to‘g‘risida ham axborot berdi.
Keyingi so‘z Aktuar hisob-kitob va sug‘urta zahiralarini shakllantirish departamenti menejeri U.Rashidovga berildi. U.Rashidov “Moliya texnologiyalari sohasidagi qaysi innovatsiyalar rivojlanayotgan bozorlar uchun ko‘proq istiqbolli hisoblanadi?” mavzusida tayyorlagan taqdimoti doirasida moliyaviy texnologiyalar va ularning rivojlanishi, xorijiy mamlakatlarda moliya texnologiyalarining qo‘llanilishi, “O‘zbekinvest”da FinTech loyixalarni joriy etish amaliyoti kabi mavzularga e’tibor qaratdi.
Shuningdek, ma’ruza davomida xorijiy mamlakatlarda moliyaviy texnologiyalarning qo‘llanilishi, ilg‘or mamlakatlardagi, xususan, AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy va Hindiston kabi davlatlardagi “Fintech” amaliyotlariga misollar keltirildi, bu sohadagi jahon miqyosidagi yetakchi tashkilotlar sanab o‘tildi va kelgusidagi rivojlanish bo‘yicha prognozlar taqdim etildi.
Sun’iy intellekt asosidagi platforma, shu jumladan, “O‘zbekinvest” kompaniyasida ham joriy etilganligi, kompaniyaning 2021-2024 yillardagi zararlilik ko‘rsatkichlari, sug‘urta qilish bo‘yicha arizalarning, sug‘urta da’volarining ko‘rib chiqilishi elektron tizim orqali amalga oshirilishi ta’kidlandi.
Navbatdagi ma’ruzachi Moliya departamenti menejeri N.Jalelova “Moliya texnologiyalari qay tarzda O‘zbekistonning moliyaviy tartibga solish tizimini o‘zgartirishi mumkin?” mavzusida taqdimot qildi. N.Jalelova o‘z ma’ruzasida moliya texnologiyalarining O‘zbekiston moliyaviy tartibga solish tizimiga ta’siri, uning institutsional strukturasi, me’yoriy-huquqiy bazasi va “FinTech”ning o‘sish dinamikasi to‘g‘risida jadval ko‘rinishida raqamlar bilan asoslantirilgan ma’lumotlar berdi.
Ma’ruza davomida O‘zbekistonda “FinTech” sohasining asosiy o‘sish drayverlari raqamli yoki onlayn to‘lovlar, kriptovalyuta operatsiyalari, davlat sektorida blokcheyn texnologiyasini joriy etish va Markaziy bankning raqamli valyutasi kabi omillardan iboratligi ta’kidlandi.
Shuningdek, “O‘zbekinvest” sug‘urta kompaniyasi faoliyatida moliya texnologiyalarini joriy etish amaliyoti to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tildi va kompaniyada ishlab chiqilgan mobil ilovalar, FaceID texnologiyasining joriy etilishi, sun’iy intellekt yordamida ma’lumotlarga ishlov berilishi to‘g‘risida axborotlar berildi.