Qaltisliklarni boshqarish bo'yicha seminar tashkil etildi

chop etish versiyasi
17.06.2019

«O'zbekinvest» milliy sug'urta kompaniyasi biznesning barcha turida sifat muhim rol o'ynashini anglab, 2004-yilda respublika moliya bozorida birinchi bo'lib o'z faoliyatida boshqaruv tizimi, sug'urta xizmatlari sifatining barqarorligini ta'minlash maqsadida ISO 9001 sifat menejmenti tizimini joriy etgan edi.

Vaqt o'tishi bilan ushbu sifat sertifikatlarining zamon talablariga muvofiq yangilanib borilishi inobatga olinib, sohadagi yangiliklarni o'rganish maqsadida kompaniya mutaxassislari ishtirokida turli amaliy seminarlar tashkil etib kelinadi.

Joriy yilning 13-14-iyun kunlari «O'zbekinvest» kompaniyasida «Qaltisliklarni boshqarish barqaror biznes rivojining asosi sifatida» mavzusida tashkil etilgan seminar shunday tadbirlarning navbatdagisi bo'ldi.

Seminarda SGS Tashkent Ltd. lektori tomonidan kompaniyada qaltisliklarni boshqarish, qaltisliklar menejmenti prinsiplari, jarayonlari, qaltisliklarga ta'sir ko'rsatish, monitoring va tahlil qilish kabi masalalar atroflicha muhokama etildi.

Ta'kidlash joiz, 2015-yilda Shveytsariyaning SGS sertifikatlash tashkiloti tomonidan «O'zbekinvest» kompaniyasi O'zbekistondagi korxonalar orasida birinchi bo'lib ISO 9001:2015 yangi standarti bo'yicha qayta sertifikatlangan.

Bu kompaniyaga strategik rejalashtirishdan tortib sug'urta da'volarini ko'rib chiqishgacha barcha biznes jarayonlardagi turli qaltisliklar ta'sirini baholash va kamaytirish imkonini beruvchi tegishli tartiblarni ishlab chiqish, faoliyatning barcha bosqichlaridagi qaltisliklarni baholash tizimini joriy etish, ISO 9001:2015 standarti talablariga muvofiq xodimlarni o'qitish, shuningdek, muassasaning tashqi va ichki kontekstini yanada rivojlantirish chora-tadbirlarini belgilash imkonini berdi.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati