2024-yil iyun oyida “O‘zbekinvest” kompaniyasi delegatsiyasining Londonga tashrifi davomida “Lloyd’s of London” vakillari bilan muzokaralar o‘tkazilib, ushbu muzokaralarda “O‘zbekinvest” sug‘urta kompaniyasining “Lloyd’s of London” birlashmasiga a’zo bo‘lish jarayonini boshlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
“Lloyd’s of London” 1688 yilda tashkil etilgan bo‘lib, jahon tijorat sug‘urtasi va qayta sug‘urta bozorining 20 foizini qoplaydi, 2023 yil yakuni bo‘yicha yalpi mukofotlari 66,3 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.
“Lloyd’s of London” London shahrida joylashgan bo‘lsa-da, u turli mamlakatlar va mintaqalarda sug‘urta mahsulotlari va xizmatlarini ko‘rsatish orqali global miqyosda faoliyat olib boradi. “Lloyd’s of London” birlashmasi 80 dan ortiq sindikatlarni o‘z ichiga olgan holda dunyoning 300 dan ortiq yetakchi sug‘urta kompaniyalarini birlashtirgan bo‘lib, ularga 200 dan ortiq maxsus sertifikatga ega bo‘lgan sug‘urta va qayta sug‘urtalash brokerlari xizmat ko‘rsatadi.
“O‘zbekinvest” sug‘urta kompaniyasining “Lloyd’s of London” ga qo‘shilishi global sug‘urta bozoridagi “oliy liga”siga O‘zbekiston sug‘urta bozorining integratsiyasida muhim bosqich bo‘ladi.