“Oʻzbekinvest” Monte-Karlodagi global sugʻurta forumida Oʻzbekistondagi iqtisodiy islohotlarni taqdim etdi

chop etish versiyasi
11.09.2025

Dunyodagi yetakchi sugʻurta kompaniyalari rahbarlari ishtirokida har yili Monte-Karloda (Monako) oʻtkaziladigan global forum doirasida “Oʻzbekinvest” sugʻurta kompaniyasi tomonidan  prezident Shavkat Mirziyoyev  tashabbusi va rahbarligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar taqdimoti boʻlib oʻtdi. 

Konferensiya ishtirokchilari mamlakatdagi keng koʻlamli islohotlarga yuqori baho berib, ularning tez surʼatlarda iqtisodiy oʻsishni taʼminlagani, 130 milliard AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etgani, mamlakatning jahon iqtisodiy aloqalariga jadal integratsiyasi, bandlikning oʻsishi, aholining kambagʻallik darajasi keskin qisqarishi va boshqa ijobiy oʻzgarishlarga olib kelganini alohida taʼkidladilar. Jumladan, global sugʻurta forumi ishtirokchilari Oʻzbekistonda raqamlashtirish va sunʼiy intellektni joriy etish sohasida erishilgan ulkan yutuqlarni yuqori baholadilar. 

Ayniqsa, Oʻzbekiston sugʻurta bozorida raqamlashtirish jarayonlari va sunʼiy intellektni joriy etish katta qiziqish uygʻotdi. Bu yoʻnalishda “Oʻzbekinvest” kompaniyasi eʼtirof etilgan yetakchi hisoblanadi. Mobil ilovalar, Face ID texnologiyalari, sunʼiy intellekt asosidagi skoring tizimi, bulutli maʼlumotlar ombori va boshqa elementlarni izchil tatbiq etish natijasida sugʻurta xizmatlarining 85 foizidagi xatarlarni baholash jarayonlari sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida amalga oshirilmoqda.

Bu esa mijozlarga xizmat koʻrsatish muddatlarini va operatsion xarajatlarni sezilarli darajada qisqartirishga, sugʻurta mahsulotlarining zararlilik darajasini pasaytirishga hamda kompaniya samaradorligini oshirishga xizmat qildi. 

Taqdimot va boʻlib oʻtgan muhokama yakuniga koʻra, forum ishtirokchilari soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda iqtisodiy oʻsish va taraqqiyotning eʼtirof etilgan drayveriga aylanganini qayd etdilar.

Oʻtkazilgan uchrashuv va muzokaralar natijasida “O‘zbekinvest” kompaniyasi Yevropa, Osiyo, Shimoliy Amerika va Yaqin Sharqning yetakchi sugʻurta, qayta sugʻurta hamda brokerlik kompaniyalari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan bir qator kelishuvlarni imzoladi.