“O‘zbekinvest” – sug‘urta maktabi va akademiyasining faoliyati orqali kadrlar malakasini tizimli ravishda oshirish

chop etish versiyasi
01.03.2023

Mamlakatimiz sug‘urta bozorining doimiy takomillashib borishi kompaniya xodimlaridan ushbu sohada chuqur bilimga ega bo‘lishni, sug‘urta polislarini sotish texnologiyalarini mukammal bilishni, kompaniyaning amaldagi sug‘urta mahsulotlarini bemalol taqdim eta olish qobiliyatini, shuningdek, mijozlar bilan ishlash etikasiga amal qilishni talab qiladi.

“O‘zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi bir necha yillardan buyon respublikaning sug‘urta bozorida yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda va bu mavqe’ga erishishda kompaniyaning xodimlarni uzluksiz o‘qitish tizimi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

“O‘zbekinvest” kompaniyasining bosh ofisi va hududiy bo‘linmalari xodimlarining tizimli kasbiy malakasini oshirish maqsadida o‘rta bo‘g‘in xodimlari va agentlari uchun “Sug‘urta maktabi” hamda kompaniya rahbariyati uchun “Sug‘urta akademiyasi” tashkil etildi.
“Sug‘urta maktabi” tashkil etilganidan buyon turli dolzarb mavzularda 94 vebinar tashkil etilgan bo‘lib, ularda 10 000 dan ortiq ishtirokchi qatnashgan.

Bugungi kunga qadar kompaniya xodimlarining o‘quv faoliyatini raqamli texnologiyalardan foydalangan holda tashkil etish maqsadida “Sug‘urta maktabi” negizida “moodle.uzbekinvest.uz” ta’lim platformasi tashkil etilgan bo‘lib, unda 23 ta videodars, 63 ta vebinar, 66 ta ixtisoslashtirilgan adabiyot mavjud.

Shuningdek, ushbu platformada 84 ta tezis va 16 ta ilmiy maqola joylashtirilgan. Ushbu platformaning qulayligi shundaki, o‘z bilimini oshirish istagida bo‘lgan barcha “O‘zbekinvest” kompaniyasining xodimlari va sug‘urta agentlari o‘quv saytida joylashtirilgan ma’lumotlardan istalgan vaqtda foydalanishlari mumkin.

“O‘zbekinvest” kompaniyasining boshqaruv kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha tarkibiy bo‘linmasi – “Sug‘urta akademiyasi” tomonidan 10 ta trening tashkil etilib, ularda 60 dan ortiq tinglovchilar ishtirok etgan.

“O‘zbekinvest” aksiyadorlik jamiyati faoliyatiga sug‘urta sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish maqsadida 2022 yil davomida hududiy filiallar rahbarlari dunyodagi eng yirik o‘nta qayta sug‘urtalovchi kompaniyalaridan biri bo‘lgan Korean Reinsurance Company (Korean Re) hamda Hyundai Marine & Fire Insurance (Janubiy Koreya)larda malaka oshirish kurslariga va tajriba almashishga yuborilgan, shuningdek, kompaniyaning tuman bo‘linmalarida ishlaydigan 30 nafar eng faol rahbarlar va yetakchi mutaxassislar Pragadagi (Chexiya) G‘arbiy Bogemiya universitetida malaka oshirdilar.

2022 yil iyun oyida “O‘zbekinvest” kompaniyasi Toshkent moliya instituti bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish doirasida sug‘urta faoliyatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi “Tashkent Insurance Conference” - xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasini tashkil etib o‘tkazdi.

Mazkur konferensiya yetakchi xorijiy va mahalliy sug‘urta kompaniyalari rahbarlari, shuningdek, xalqaro va mahalliy oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari o‘rtasida sug‘urta bozoridagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish uchun maydonga aylandi.

Kompaniya tomonidan tizimli ilmiy ishlar olib borilmoqda. Ushbu ilmiy ishlarning hususiyati shundaki, ulardagi tadqiqotlarning asosi amaliy yo‘nalishdir. Bugungi kunga qadar “O‘zbekinvest” kompaniyasining 10 dan ortiq xodimlari sug‘urta sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda.

Har qanday tashkilot yoki korxona muvaffaqiyatining asosi, eng avvalo, malakali va g‘ayratli kadrlar va ularning bilim va ko‘nikmalaridir. “O‘zbekinvest” kompaniyasi uzluksiz ta’lim konsepsiyasi asosida sug‘urta ishi sohasida kadrlarni eng so‘nggi ilg‘or texnologiyalarga o‘rgatish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirishni rejalashtirgan.