«O'zbekinvest» kompaniyasining ishonchlilik reytingi «uzA++» darajasida tasdiqlandi

chop etish versiyasi
17.08.2018

“SAIPRO” axborot-reyting agentligi 2017-yil yakunlariga ko'ra «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasining «uzA++» (Eng yuqori moliyaviy ko'rsatkich) reytingini tasdiqladi.

Agentlikning ta'kidlashicha, Kompaniyaning 2017-yildagi faoliyati yakunlari bo'yicha ko'rsatkichlari yuqori darajada saqlab qolingan. Kompaniya tomonidan yig'ilgan sug'urta mukofotlari hajmi qariyb 26 foizga o'sgan. Sug'urta mukofotlari hajmining o'sishi esa kompaniya sug'urta majburiyatlari hajmining o'sishiga ham ta'sir etib, 23 foizni tashkil etgan. Umuman, sug'urta portfelining son ko'rsatkichlari yaxshilangan, diversifikatsiyalash darajasi avvalgidek yuqori darajada saqlanib qolgan.

2017-yilda to'lab berilgan sug'urta qoplamalarining o'sish ko'rsatkichi yig'ilgan sug'urta mukofotlari o'sish ko'rsatkichidan baland bo'lib, 35 foizni tashkil etadi. natijada sug'urta mukofotlarining zarar ko'rish darajasi 9,4 foizni tashkil etgan.

Kompaniya qayta sug'urtalash bozorida ham faol ishtirok etmoqda. Qayta sug'urtalash faoliyati sug'urta portfelining son va sifat ko'rsatkichlariga ijobiy ta'sir etmoqda va qayta sug'urtalash faoliyatini yuqori darajada kompleks baholanishi saqlanib turishini ta'minlamoqda.

Kompaniyaning hududiy filiallari va joylardagi sug'urta bo'linmalari mamlakatning barcha hududlarini qamrab olganligi, uning sug'urta bozorida yetakchilikni saqlab turishini ta'minlamoqda. 2017-yil yakunlariga ko'ra, barcha hududiy bo'linmalar bo'yicha sug'urta mukofotlarining o'sishi kuzatilgan. Hududiy filiallar va sug'urta bo'limlarining muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani kompaniya ishchan faoliyatining kompleks bahosiga ijobiy ta'sir ko'rsatmoqda.

2017-yilda kompaniya aktivlari 220 foizga o'sgan. Ta'kidlash joizki, kompaniya aktivlar va mablag'larning hajmi bo'yicha bozorda yetakchi hisoblanadi. Hisobot davrida kompaniya mablag'lari va sug'urta zaxiralarining ko'payishi aktivlarning o'sish manbai hisoblangan. Aktivlar tarkibida investitsiyalar jalb etishni ko'paytirish orqali o'sish amalga oshirilgan. Umuman, kompaniya aktivlari dinamikasi ijobiy baholanmoqda va kapital adekvatligi yaxshi holatda saqlanmoqda. Aktivlar likvidligi darajasi ham yuqori baholanmoqda.

Investitsiya faoliyati kompaniyaning sug'urta faoliyatidan keyin ikkinchi asosiy yo'nalishi hisoblanadi. 2017-yilda investitsiyalar hajmi 234 foizga ko'paygan va 728,4 mlrd. so'mga yetgan. Qariyb barcha investitsiya ob'ektlari bo'yicha o'sish kuzatilgan.

Umuman olganda, kompaniyaning barqaror moliyaviy holati, sug'urta bozorini boshqarishni tartibga soladigan to'lash qobiliyati bo'yicha yetarli zaxiraga egaligi, shuningdek, bozordagi yetakchilik o'rni kompaniyaning baholash reytingi saqlanishini ta'minlovchi muhim omil hisoblanadi.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati