“O‘zbekinvest” kompaniyasining hududiy filiallari direktorlari AQShda malaka oshirish kurslarini tamomladilar

chop etish versiyasi
05.05.2023

Mamlakatimiz sug‘urta bozorining doimiy takomillashib borishi kompaniya xodimlaridan ushbu sohada chuqur bilimga ega bo‘lishni, sug‘urta polislarini sotish texnologiyalarini mukammal bilishni, kompaniyaning amaldagi sug‘urta mahsulotlarini erkin taqdim eta olish qobiliyatini, shuningdek, mijozlar bilan ishlash etikasiga amal qilishni talab qiladi.

“O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi bir necha yillardan buyon respublikaning sug‘urta bozorida yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda, shuningdek, raqamli texnologiyalardan foydalangan holda mijozlarga sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatishning innovasion usullarini taqdim etish bo‘yicha mamlakatimiz bozorida yetakchi hisoblanadi. Ushbu mavqe'ga erishishda kompaniyaning xodimlarni uzluksiz o‘qitish tizimi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Kompaniya vakillari avvalroq Rossiya, kontinental Yevropa, Buyuk Britaniya va Janubiy Koreyaning sug‘urta bozorlarini o‘rganishgan. Joriy yilning aprel oyida esa “O‘zbekinvest” kompaniyasi hududiy rahbarlari Vashington universitetining (AQSh) mutaxassislari tomonidan maxsus ishlab chiqilgan o‘quv dasturni o‘rganish uchun Sietl shahriga (Vashington, AQSh) tashrif buyurdilar.

“O‘zbekinvest” kompaniyasi vakillarini AQSh sug‘urta bozoridagi joriy vaziyat, sug‘urta sohasidagi qonunchilik normalari, shuningdek sug‘urta mahsulotlari bilan tanishtirish maqsadida Sug‘urta akademiyasi (AQSh) direktori janob Patrik Rayt bilan sessiya uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, ushbu sessiyada Vashington universiteti va “O‘zbekinvest” kompaniyasi mutaxassislari sug‘urta sohasida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash konsepsiyasini muhokama qildilar.

O‘quv dasturiga muvofiq “O‘zbekinvest” vakillari 1949-yilda tashkil etilgan eng yirik mahalliy sug‘urta kompaniyasi – “PEMCO” sug‘urta kompaniyasida bo‘ldilar.  

"PEMCO " sug‘urta kompaniyasini boshqaruvining o‘ziga xos tashkiliy-huquqiy shaklini alohida ta'kidlash kerak - kompaniya "o‘zaro" sug‘urta kompaniyasidir, ya'ni ushbu kompaniyada polisni rasmiylashtirgan har bir mijoz kompaniyaga egalik qilish huquqiga ega.  “PEMCO” sug‘urta polislari jismoniy shaxslar tomonidan onlayn sotib olinishi uchun mo‘ljallangan. Mazkur kompaniyada “O‘zbekinvest” vakillari jismoniy shaxslarga sug‘urta polislarini onlayn sotish – avtomatlashtirilgan anderrayting jarayoni bilan tanishdilar.

“PEMCO” Insurance kompaniyasiga tashrif davomida kompaniya mutaxassislari AQShdagi sug‘urta kompaniyalari tajribasi bilan o‘rtoqlashdilar, va AQShning har bir shtatida shartnomalarni tuzish va sug‘urta qoplamasini taqdim etishga ta'sir ko‘rsatuvchi o‘z regulyatori mavjudligini ta'kidlab o‘tdilar. Belgilangan tartibga ko‘ra mijoz har bir sug‘urtalanayotgan shaxsning xavf darajasini aniqlash uchun savollarni o‘z ichiga olgan elektron so‘rovnomani to‘ldiradi. Keyinchalik, to‘plangan ma'lumotlar dastur tomonidan avtomatik ravishda qayta ishlanib, sug‘urta polisining narxi hisoblab chiqiladi va regulyatorga tasdiqlash uchun yuboriladi.

Shuningdek, “O‘zbekinvest” delegasiyasi avtotransport vositalari, uy-joy va kichik biznesni sug‘urtalash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi, 48 mingdan ortiq mustaqil agent va 21 mingga yaqin xodimga ega Farmers Insurance sug‘urta kompaniyasiga tashrif buyurdi. Mazkur kompaniyada Farmers Insurance mutaxassislari sug‘urta bozorini rivojlantirishning dolzarb masalalari, shuningdek, sug‘urta jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan bo‘lishdilar.

“O‘zbekinvest” vakillarining AQSh sug‘urta bozorini o‘rganish jarayonida olgan bilimlari kompaniyaga tahlil, riskni baholash, qarorlar qabul qilish va hujjatlarni rasmiylashtirishning barcha asosiy jarayonlarini raqamli formatga o‘tkazish bo‘yicha ishlarni tizimlashtirishga yordam beradi va shu orqali milliy sug‘urta bozorining jadal rivojlanishini ta'minlaydi.

“O‘zbekinvest” kompaniyasi uzluksiz ta'lim konsepsiyasi asosida sug‘urta ishi sohasida kadrlarni eng so‘nggi ilg‘or texnologiyalarga o‘rgatish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirishni rejalashtirgan.