Sifat menejmenti tizimi bo‘yicha seminar tashkil etildi

chop etish versiyasi
21.10.2019

Joriy yilning 15-18 oktabr kunlari «O‘zbekinvest» milliy sug‘urta kompaniyasida «ISO 9001:2015 bo‘yicha sifat menejmenti tizimini ishlab chiqish va joriy etish» mavzusida “Total Quality Systems” kompaniyasi tomonidan seminar tashkil etildi.

Seminarda ishtirokchilarga ISO 9001:2015 standarti talablari, sifat sohasidagi strategik menejment va maqsadlar, jarayonlar mezonlari, ko‘rsatkichlari va indikatorlari, kommunikasiyalar menejmenti, sifat menejmenti tizimi hujjatlarini optimallashtirish va qisqartirish kabi masalalar to‘g‘risida atroflicha ma'lumot berildi.

Ta'kidlash joizki, «O‘zbekinvest» kompaniyasi biznesning barcha turida sifat muhim rol o‘ynashini anglab, 2004-yilda respublika moliya bozorida birinchi bo‘lib o‘z faoliyatida boshqaruv tizimi, sug‘urta xizmatlari sifatining barqarorligini ta'minlash maqsadida ISO 9001 sifat menejmenti tizimini joriy etgan edi.

2015-yilda Shveysariyaning SGS sertifikatlash tashkiloti tomonidan kompaniya O‘zbekistondagi korxonalar orasida birinchi bo‘lib ISO 9001:2015 yangi standarti bo‘yicha qayta sertifikatlangan.

Bu kompaniyaga strategik rejalashtirishdan tortib sug‘urta da'volarini ko‘rib chiqishgacha barcha biznes jarayonlardagi turli qaltisliklar ta'sirini baholash va kamaytirish imkonini beruvchi tegishli tartiblarni ishlab chiqish, faoliyatning barcha bosqichlaridagi qaltisliklarni baholash tizimini joriy etish, ISO 9001:2015 standarti talablariga muvofiq xodimlarni o‘qitish, shuningdek, muassasaning tashqi va ichki kontekstini yanada rivojlantirish chora-tadbirlarini belgilash imkonini berdi.

«O‘zbekinvest» kompaniyasi axborot xizmati