«O‘zbekinvest» eksportni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro investitsiyalar uchun Skandinaviya hamda Shimoliy Yevropa mamlakatlarida sug‘urta bozorlarining yangi yo‘nalishlarini ochmoqda

chop etish versiyasi
22.04.2026

«O‘zbekinvest» sug‘urta kompaniyasi xizmat safari doirasida Shimoliy Yevropa mamlakatlarining yetakchi eksport-kredit agentliklari rahbarlari bilan qator muzokaralar o‘tkazdi. Jumladan, Daniyaning Export and Investment Fund of Denmark (EIFO) agentligi (Kopengagen shahri), Shvetsiyaning Exportkreditnämnden (EKN) agentligi (Stokgolm shahri), Finlyandiyaning Finnvera kompaniyasi (Xelsinki shahri) bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

O‘tkazilgan ishbilarmonlik uchrashuvlari natijasida:

  • milliy eksportyorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hamda O‘zbekiston mahsulotlarining Daniya, Shvetsiya va Finlyandiya bozorlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shma ishlarni nazarda tutuvchi EIFO, EKN va Finnvera bilan hamkorlik bitimlari imzolandi;
  • davlat va xususiy sug‘urta kompaniyalarining qo‘shma sug‘urtalash mexanizmi belgilab olindi, shuningdek O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalar hamda ilg‘or texnologiyalarni jalb etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalari muhokama qilindi;
  • tashqi savdo operatsiyalarini sug‘urta himoyasi bilan ta’minlash, mazkur mamlakatlardan O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda savdo-iqtisodiy sheriklikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish doirasida muloqotni davom ettirish bo‘yicha yaqin hamkorlik choralari belgilandi.

Shuningdek, «O‘zbekinvest» delegatsiyasi yetakchi xalqaro sug‘urta va brokerlik kompaniyalari — RiskPoint Group (Kopengagen shahri), Howden Re (Stokgolm shahri), Säkra (Malmyo shahri), Aon (Xelsinki shahri) va boshqalar bilan ham qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Ushbu muzokaralar davomida tijorat sug‘urtasi sohasida, jumladan fakultativ joylashtirishlar va ixtisoslashgan risklar bo‘yicha istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari belgilandi. Shuningdek, kompaniyaning xalqaro joylashtirishlarda ishtirok etish formatlari muhokama qilinib, «O‘zbekinvest» uchun Skandinaviya va Shimoliy Yevropa mamlakatlari sug‘urta bozorlariga kirish bo‘yicha ehtimoliy imkoniyatlar aniqlandi.