Moliya bozorining muhim tarkibiy qismi bo'lgan sug'urta faoliyati har qanday mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojida katta ahamiyatga ega. Bizning iqtisodiyotimizda ushbu sohaning o'rni qanday?
Bugungi kunda respublikamizda 30 ta sug'urta kompaniyasi mavjud bo'lib, ularning 24 tasi umumiy sug'urta, 6 tasi hayot sug'urtasiga ixtisoslashgan. Joriy yilning 1-yanvar holatiga ko'ra, sug'urta kompaniyalarining jami aktivlari 2,5 trln. so'mni tashkil etib, umumiy ustav kapitali miqdori 534 mlrd. so'mdan iborat. Tahlillar esa sug'urta xizmatlari sifatini yaxshilash, ko'lamini oshirish, turlarini ko'paytirish orqali sohani tubdan isloh qilishni, sohada bir qator muammolar to'planib qolganini ko'rsatmoqda.
Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo'mitasi tomonidan “Sug'urta faoliyati to'g'risida”gi qonunning Moliya vazirligidagi ijrosini o'rganish natijalari ham buni yaqqol isbotlagan.
Chunonchi, qonun talablari asosida vazirlik tomonidan olib borilayotgan ishlar, ko'rilayotgan choralarga qaramasdan, bu sohada yechimini kutayotgan masalalar hali ko'p. Jumladan, sug'urta bozorining hozirgi holati amalga oshirilayotgan islohotlar talabiga mos kelmay, aholi va tadbirkorlarning mazkur xizmatga bo'lgan ehtiyojlari qondirilmasdan qolmoqda.
Buning asosiy sabablaridan biri vazirlik huzuridagi sug'urta nazorati inspeksiyasi xodimlari soni chegaralanganligi bo'lib, ular asosan statistik ma'lumotlarni yuritishmoqda, xolos. Sug'urta faoliyati haqidagi ma'lumotlar hududlarga yetarli darajada yetkazilmayotgani oqibatida aholining hammasida ham sug'urtaga bo'lgan ishonch va u haqda tushuncha to'liq shakllanmagan. Bu esa sohaning YIMdagi ulushi o'sishiga, kompaniyalar moliyaviy barqarorligiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.
Bundan tashqari, mutaxassislar tomonidan sug'urtalash jarayonida mijozlarning haq-huquqlari to'liq va to'g'ri tushuntirilmayapti. Natijada sug'urta holatlari sodir bo'lganidan so'ng kelishmovchiliklar kelib chiqib, ular sud idoralarida ko'rilishiga to'g'ri kelmoqda. Sug'urtalash jarayonida ish yuritish tizimining aksariyat hollarda davlat tilida olib borilmasligi ham sug'urta shartnomalarini tuzish va uning ijrosini ta'minlashda muammolarni keltirib chiqarmoqda. O'z navbatida, sug'urta hodisasi sodir bo'lganda to'lovlarni to'liq amalga oshirmaslik holatlari qayta sug'urtalash imkoniyatlariga to'sqinlik qilish bilan birga, sug'urta tizimiga bo'lgan ishonchning pasayishiga olib kelmoqda.
Shuningdek, sug'urta mukofotlari bilan sug'urta to'lovlari o'rtasidagi tafovut yuqori darajada saqlanib qolyapti. Natijada mamlakatimizda aholi jon boshiga to'g'ri keladigan sug'urta mukofotlari o'rtacha 48,8 ming so'mni (6,0 AQSH dol.) yoki uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 0,4 foizni tashkil etmoqda. Tahlillarga qaraganda, sug'urta mukofotlarining YIMdagi ulushi G'arbiy Yevropada 8,4, Osiyoda 6,1, Rossiyada 1,3, Qozog'istonda 0,85 foizdir.
Shu bilan birga, sug'urta bozorini rivojlantirish, iste'molchilarning sug'urtaga ishonchini oshirish, xorijiy tajribalar hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining yutuqlarini joriy qilish, eng maqbul va jozibador sug'urta xizmatlarini yaratish, sug'urta sohasiga qimmatli qog'ozlar emissiyasi orqali investitsiyalar jalb qilish, xalqaro standartlar va tamoyillar asosida korrupsiya va sug'urta firibgarligiga qarshi kurashish kabi dolzarb masalalarga yetarli e'tibor berilmayapti.
Bundan 15 yil oldin qabul qilingan “Sug'urta faoliyati to'g'risida”gi qonun bugungi kun talablariga to'liq javob bermaydi. Jumladan, majburiy sug'urtalashning alohida turlari hukumat qarorlari asosida joriy etilgan bo'lib, qonun bilan tartibga solinmagan. Bundan tashqari, mamlakat sug'urta bozoriga yirik xalqaro sug'urta va qayta sug'urtalovchi kompaniyalarning jalb qilinmayotgani, shuningdek, xalqaro sug'urta nazoratchilari uyushmasining hamda moliyaviy hisobot va buxgalteriya hisobining xalqaro norma, standartlari va tamoyillari to'liq joriy etilmayotgani mahalliy sug'urta kompaniyalariga xalqaro reyting baholarini olishda to'siq bo'lmoqda.
Tizimdagi shu kabi boshqa muammolarni bartaraf etish uchun bir qator takliflar o'rtaga tashlandi. Sug'urta bozorini tartibga solish tizimini institusional mustahkamlash, sug'urta bozori barqarorligi va ishonchliligini ta'minlash, soha uchun kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, vakolatli organ maqomi, mas'uliyati va imkoniyatlarini kuchaytirish, sug'urtalash jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish, sug'urta polislarini elektron shaklda ro'yxatdan o'tkazish, raqamli texnologiyalar asosida onlayn sug'urta turlarini rivojlantirish shular jumlasidandir.
Mazkur bozorning investitsion jozibadorligini oshirish maqsadida sug'urta kompaniyalarini moliyaviy hisobot va buxgalteriya hisobining xalqaro standartlariga bosqichma-bosqich o'tkazilishini ta'minlash, bunda KPMG, PwC, Deloitte va boshqa yetakchi auditorlik kompaniyalarining auditorlik xulosalari, nufuzli xalqaro reyting agentliklarining reyting baholarini olishga erishish, korporativ boshqaruv, sug'urta tavakkalchiliklarini baholash va qaltisliklarni boshqarish tizimini doimo takomillashtirish, mijozlar, ya'ni iste'molchilarga sug'urta mahsulotlari va xizmatlarining narxlari to'g'risida to'liq, erkin, sifatli va taqqoslama ma'lumotlarni taqdim etib borish dolzarb vazifalar qatoridan o'rin olgan.
Asosiy masalalardan biri esa amaldagi qonunchilikni takomillashtirishdan iborat bo'lib turibdi.
Manba: “Birja” gazetasi