Sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari uchun oliy ta’limda imtiyoz beriladi

chop etish versiyasi
15.08.2019

So‘nggi yillarda mamlakatimizda moliya bozorining sug‘urta segmentini rivojlantirishga alohida e’tibor berilmoqda. Jumladan, respublikada sohaning turli yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatayotgan 30 ta sug‘urta kompaniyasi tomonidan 2018-yil mobaynida to‘langan sug‘urta to‘lovlari hajmi 461,1 mlrd. so‘mni tashkil etgan. Bu esa oldingi yildagiga nisbatan 71 foizga ko‘p. Sug‘urta kompaniyalarining investitsiyalari hajmi esa 2 trln. so‘mga yetib, 35 foiz ortgan.

Lekin soha rivojiga to‘sqinlik qilayotgan ayrim muammolar ham mavjud. Jumladan, sug‘urta tashkilotlari tomonidan sug‘urtalanuvchi yoki sug‘urta ob’ektlariga nisbatan noqonuniy talablar qo‘yib, sug‘urtalash ishlarini amalga oshirish hollariga yo‘l qo‘yilayotgani shulardan biri.

Ba’zan esa sug‘urta kompaniyalari sug‘urtalash jarayonida sug‘urtalanuvchilarga ularning haq-huquqlarini to‘liq va to‘g‘ri tushuntirmayotgani sababli tomonlar o‘rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqib, ishlar sudlarga qadar yetib boryapti.

O‘z navbatida, sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganda, to‘lovlarni to‘liq amalga oshirmaslik yoki bu jarayondagi byurokratik to‘siqlar qayta sug‘urtalash imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarib, fuqarolarning sug‘urta bozoriga bo‘lgan ishonchi pasayishiga olib kelayotgan edi.

Prezidentimizning joriy yil 2-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishi ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu muammolarni hal qilish, ularning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan omillarni bartaraf etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qarorga muvofiq, sug‘urta bozorini isloh qilish va jadal rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Sug‘urta sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, bu yo‘nalishdagi faoliyatni tartibga solish tizimini institutsional rivojlantirish, sug‘urta bozori professional ishtirokchilarining kapitallashuv darajasini, to‘lov qobiliyati va moliyaviy barqarorligini oshirish kabilar shular sirasidandir.

Endilikda sug‘urtalovchilarning ustav kapitali minimal miqdorlari 2020 – 2022-yillarda bosqichma-bosqich oshiriladi. Chunki kompaniya o‘z zimmasiga olgan majburiyatlar bo‘yicha aynan ustav kapitali miqdorida javob bera oladi, ya’ni bu ko‘rsatkich uning majburiyatlari bajarilishiga o‘ziga xos kafolat rolini o‘ynaydi. Shu boisdan qarordagi ushbu jihat juda muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, hujjatda daromadlarning 20 foizigacha miqdoridagi ajratmalar hisobiga shakllantiriladigan sug‘urta tashkiloti zaxira jamg‘armasining cheklangan miqdori sug‘urta tashkiloti ustav fondining 50 foizigacha oshirilishi belgilangan. Bu esa, o‘z navbatida, sug‘urta tuzilmalari faoliyati barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Qaror bilan kiritilayotgan yana bir yangilik shundaki, endilikda sug‘urtaning ayrim turlari bo‘yicha elektron polislarni (“E-polis”) rasmiylashtirish mexanizmi joriy etiladi. Ya’ni bu chora mamlakatimizda elektron sug‘urtalashni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, avvalo, mijozlarni vijdonsiz sug‘urta agentlarining tovlamachilik harakatlaridan himoya qilish, hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirish, sug‘urta kompaniyalari ortiqcha xarajatlarini qisqartirish hamda bu mablag‘larni ularning faoliyatini yaxshilashga yo‘naltirish imkonini beradi.

Sug‘urta bozori ishtirokchilari faoliyati uchun yanada qulay shart-sharoitlarni ta’minlash, shu jumladan, ularning soliq yukini maqbullashtirish – hujjatdan ko‘zda tutilgan yana bir aniq maqsad. Qarorga ko‘ra, 2020-yil 1-yanvaridan yuridik shaxslar — sug‘urta brokerlari va sug‘urta agentlari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi komissiya mukofotining 13 foizi miqdorida belgilanadi. Gap shundaki, sug‘urtalashda bozor va davlat boshqaruv dastaklari o‘rtasidagi oraliq o‘rinni narx yoki sug‘urta mukofoti egallaydi. Bu mezon tarif stavkasi bilan belgilanadi. Majburiy sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta mukofoti qonun asosida, normativ ravishda o‘rnatiladi. Yagona to‘lov stavkasining Qarorda kщrsatilgan miqdorda belgilanishi ham soliq tushumlarining samarasi, ham sug‘urta bozori ishtirokchilari uchun og‘ir bo‘lmagan darajani kafolatlaydi.

Qarorda shuningdek, sug‘urta sohasini malakali kadrlar bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, 2020/2021-o‘quv yilidan sug‘urta bozorida faoliyat olib borayotgan xodimlar uchun oliy ta’lim muassasalarining “Sug‘urta ishi” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha sirtqi va kechki bo‘limlarga test sinovlari o‘tkazilmasdan, belgilangan qabul kvotalaridan tashqari pulli-kontrakt asosida qabul qilish tartibi joriy etiladi. Bu esa sohadagi malakali kadrlar yetishmovchiligini yaqin yillarda bataraf qilish, demakki, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan muhim ahamiyat kasb etgan sug‘urta bozorini jadal rivojlantirishga xizmat qiladi.

Muxamet JUMAGALDIYEV,

Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi.

Manba: “Xalq so'zi” gazetasi