2024-yil 24-aprel kuni “O‘zbekinvest” sug‘urta kompaniyasining bosh ofisida Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetining ikkinchi va uchinchi kurs talabalari uchun “Sug‘urtaning fundamental asoslari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda so‘zga chiqqan “O‘zbekinvest” aksiyadorlik jamiyati Bosh direktori R.Azimov mamlakatimizda oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishga katta e’tibor qaratilayotgani, shuningdek, zamonaviy bozor jamiyatini iqtisodiy munosabatlarning alohida turi bo‘lmish sug‘urtasiz tasavvur etib bo‘lmasligini ta’kidladi.
Taqdimot davomida Iqtisodiyot universiteti talabalari O‘zbekistonda sug‘urtaning rivojlanish tarixi, shuningdek, sug‘urtaning iqtisodiy mohiyati, funksiyalari va tamoyillari bilan yaqindan tanishdilar va o‘zlarining qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldilar.
O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoev tomonidan “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili” deb e'lon qilingan 2023-yilda “O‘zbekinvest” kompaniyasi tomonidan sug‘urta sohasida tahsil olayotgan talabalarning sug‘urta ishi bo‘yicha ilmiy salohiyati va amaliy ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha faol ishlar davom ettirildi.
Talaba yoshlarning sug‘urta sohasi bo‘yicha ilmiy salohiyatlarini va sug‘urta biznesidagi amaliy ko‘nikmalarini oshirish, kasbiy tayyorgarlik sifatlarini takomillashtirish, ilmiy izlanish faoliyatini rag‘batlantirish va iqtidorli talabalarni kompaniyaga saralab olish maqsadida 2023-yil sentyabr oyida “O‘zbekinvest” aksiyadorlik jamiyati bosh ofisi binosida Toshkent moliya institutining “Sug‘urta ishi” kafedrasi filiali ochildi. Ushbu kafedra filialining faoliyati doirasida “O‘zbekinvest” kompaniyasining malakali mutaxassislari tomonidan sug‘urta sohasi talabalari uchun tizimli ravishda seminarlar o‘tkazilmoqda.