Tibbiy sug‘urta sog‘liq kafolati bo‘loladimi?

chop etish versiyasi
27.05.2019

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lumotiga ko‘ra, dunyo aholisining deyarli yarmi eng kerakli tibbiy xizmatlar bilan to‘liq qamrab olinmagan. 800 milliondan ortiq aholi yoxud dunyo aholisining 12 foizi daromadlarining kamida 10 foizini sog‘liqni saqlash xarajatlariga sarflashadi.

Texnologik taraqqiyot tibbiyotdagi og‘riqli masalalarni hal qilayotgan bo‘lsa-da, ko‘plab davlatlarda qashshoqlik aholi salomatligi darajasi ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymayapti. Natijada, ochlik va nosog‘lom yashash tarzi millionlab odamlar hayotini qiyinlashtirmoqda. Xo‘sh, muammoni bartaraf etish yo‘llari bormi?

Eng optimal yechimlardan biri majburiy tibbiy sug‘urtani joriy qilishdir. Bunda moliyaviy baquvvat bo‘lmagan aholining barcha qatlami ham to‘liq tibbiy xizmat bilan qamrab olinadi. Ammo sanoqli rivojlangan davlatlargina ushbu sug‘urta turini amaliyotga muvaffaqiyatli kiritgan. Chunki tizimni yo‘lga qo‘yish uchun tibbiyot butun mamlakat bo‘ylab bir xil darajada rivojlangan bo‘lishi talab etiladi, bundan tashqari bir qancha iqtisodiy-ijtimoiy omillar tibbiy sug‘urtani amaliyotga tanishtirishga xalaqit qiladi.

Tibbiy sug‘urta shunday imkoniyatki, u nafaqat aholi salomatligini kafolatlaydi, balki tibbiyotdagi og‘riqli masalalar (tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasi, korrupsiya, byurokratizm, navbatda turish, kadrlar taqchilligi va boshqalar) ni ham ijobiy tomonga o‘zgartiroladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a'zo davlatlarning barchasi 2030 yilga borib umumiy majburiy sug‘urta (universal tibbiy qamrov)ni joriy etishni maqsad qilib qo‘yishgan. O‘zbekistonda-chi? Majburiy tibbiy sug‘urtani amaliyotga kiritish mumkinmi? Bu borada qanday ishlarni qilish kerak? Xalqaro tajribada bu o‘zini qanchalik oqlagan?

Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i Hamdam Otajonov ushbu masala yuzasidan o‘z fikrini Kun.uz'ga ma'lum qildi.

Tibbiy sug‘urtaning maqsadi nima?

Tibbiy sug‘urta sohasida dunyo amaliyotida asosan ikki turdagi tibbiy sug‘urta: ixtiyoriy va majburiy tibbiy sug‘urta amal qiladi. So‘nggi yillarda tibbiy xizmat narxlari qimmatlashib ketayotganligi hech kimga sir emas. Bunday holatda aholining zaif qatlamlarida yuqori malakali tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun moddiy imkoniyat bo‘lmay qolishi mumkin. Majburiy tibbiy sug‘urtaning asosiy maqsadlaridan biri ham aynan mana shu muammoni bartaraf etgan holda, tibbiy xizmatlardan foydalanishda barchaga bir xil imkoniyat yaratib berishdir. Majburiy tibbiy sug‘urta joriy etilishi tibbiy xizmat sifatini oshishiga olib kelib, o‘z navbatida fuqarolarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini to‘laqonli amalga oshirish imkonini beradi. Sodda qilib aytganda, fuqaro sog‘lig‘i yomonlashib qolgan hollarda tibbiy xizmatlar uchun birdaniga katta miqdordagi mablag‘ni to‘lay olmaslik xavfini oldini olish uchun majburiy tibbiy sug‘urtadan foydalaniladi. 

Majburiy tibbiy sug‘urta joriy etilishi tibbiy xizmatlar narxining arzonlashishiga olib kelib, fuqarolarga bir xil narxda xohlagan tibbiyot muassasasida sifatli tibbiy xizmat olish imkonini beradi. Eng asosiysi, fuqarolarning tibbiy xizmat uchun «o‘z cho‘ntagidan»  (out of pocket paymens) to‘laydigan pul miqdori kamayadi. O‘z navbatida, majburiy tibbiy sug‘urtada ishtirok etayotgan fuqarolar sog‘lom payti ham to‘lovlar (sug‘urta mukofoti) to‘lashlari mumkin bo‘ladi.


Majburiy tibbiy sug‘urta joriy etishning qanday talablari bor?

Bunda quyidagi vazifalar bajarilishi lozim:

1. Sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirish majburiy tibbiy sug‘urtaga moslashtirilishi, ya'ni davlat tomonidan maxsus sug‘urta kompaniyasi (fond)ni tashkil etish;

2. Tibbiy sug‘urta kompaniyalari (fondlari) va davolash-profilaktika tashkilotlari o‘rtasida munosabatlarni aniq huquqiy tartibga solish;

3. Majburiy tibbiy sug‘urta tomonidan qoplanadigan tibbiy xizmatlar ro‘yxatini shakllantirish;

4. Shifokorlar fuqarolarni davolashda o‘rnatilgan klinik protokollar va standartlarga bir xilda amal qilish;

5. Majburiy tibbiy sug‘urta joriy etiladigan aholi qatlamlari va ular to‘laydigan pul miqdorini aniq o‘rnatishi, shu jumladan imtiyozli aholi qatlamlarini belgilash;

6. Tibbiyot muassasalari va tibbiy sug‘urta bozori boshqa ishtirokchilarining elektron hujjat almashinuvini joriy etish;

7. Fuqarolarga majburiy tibbiy sug‘urtaning afzalliklari bo‘yicha to‘g‘ri tushuntirish ishlari olib borish.

Hukumat bundan qanchalik manfaatdor?

Majburiy tibbiy sug‘urtani joriy etilishi tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi arzonlashuviga olib kelishi sababli davlat budjetidan xarajatlar kamayadi, mazkur sohada yagona tizim yaratilishi oqibatida byurokratizm kamayib, davlat boshqaruvi osonlashadi. Bolalarning sog‘lig‘iga e'tibor oshishi natijasida ular sog‘lom bo‘lib o‘sishi ta'minlanadi va kelajakda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy xarajatlar oldi olinadi. Hukumat fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash maqsadida inson sog‘lig‘iga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi sohalarni tartibga solishni kuchaytiradi, (masalan tamaki va alkogol mahsulotlari), natijada mazkur mahsulotlar narxi oshadi.

Xalqaro tajriba

Rivojlangan 33ta davlatdan 32tasida umumiy majburiy tibbiy sug‘urta tizimi joriy qilingan bo‘lib, ular quyidagi 3 turdagi majburiy tibbiy sug‘urtadan birini qo‘llashadi:

1.Yagona to‘lov tizimi – davlat sog‘liqni saqlash tizim uchun fuqarolardan alohida soliq undiradi. 32ta davlatdan 12tasida bu tizim joriy etilgan (xususan Buyuk Britaniyada).

2. 6ta davlatda esa majburiy sug‘urta polisi (insurance mandate) sotib olinadi. Mazkur tizim barcha fuqarolardan ish beruvchi orqali yoki davlatdan majburiy tibbiy sug‘urta sotib olishni nazarda tutadi (Germaniyada kuzatiladi).

3. Qolgan 9ta davlatda ikki pog‘onali tizim (davlat budjeti va xususiy sug‘urta kompaniyalari) joriy etilgan bo‘lib, bu tizimda davlat eng asosiy tibbiy xizmatlar uchun fuqarolardan soliq undiradi va bu tibbiy xizmatlarni bepul ta'minlab beradi. Fuqarolar qo‘shimcha tibbiy xizmatlar uchun o‘zlari mustaqil to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin (Fransiya misolida).

Sug‘urta bozorida kutilayotgan ta'sir

Gross Insurance sug‘urta kompaniyasi Olmazor tumani filiali direktor o‘rinbosari Dilnoza Umarova:

«Ayni vaqtda respublikada tibbiy sug‘urtaning ixtiyoriy turi mavjud. Bu sug‘urta turi asosan yuridik shaxslar tarafidan ixtiyoriy tarzda xarid qilib kelinmoqda. O‘zbekistonda ixtiyoriy tibbiy sug‘urtani sanoqli tashkilotlar (Lukoyl, Nestle-O‘zbekiston va boshqalar) o‘z xodimlariga ijtimoiy paket tarzida takdim etishadi. Endi tasavvur qiling: respublikada qanchadan-qancha tashkilotlar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda? Ular yoppasiga tibbiy sug‘urta polisini sotib olishgach, sug‘urta bozorida tibbiy sug‘urta hajmi nisbatan keskin sur'atlarda oshishiga olib keladi. Sug‘urta bozorida kuchli raqobat tizimi vujudga keladi. Shuningdek, sug‘urta kompaniyalari o‘rtasida sug‘urta xizmatlarini takomillashtirish bo‘yicha majburiyatlar yuzaga keladi. Misol uchun, mijoz 200 ming so‘m sug‘urta mukofotini to‘laydigan bo‘lsa, o‘rtacha hisobda unga 1 mln.so‘mlik tibbiy xizmat ko‘rsatiladi va bu mablag‘ sug‘urta kompaniyasi tomonidan qoplab beriladi. O‘z-o‘zidan sug‘urta kompaniyasi sarflagan ortiqcha summasini yana mijozlarni chaqirish orqali qoplab olishga harakat qiladi. Natijada, sug‘urta kompaniyalari o‘z foydasi uchun xizmat sifatini oshiradi» .

O‘zbekistonda ham majburiy tibbiy sug‘urta joriy etiladimi?

Sog‘liqni saqlash vazirligi majburiy tibbiy sug‘urtani joriy qilish bo‘limi boshlig‘i Abzalxo‘ja Abduqodirov ushbu masala yuzasidan axborot berdi:

«Majburiy tibbiy sug‘urtani joriy etish bo‘yicha 2019 yilgi Davlat dasturining 160-bandida aniq vazifalar belgilangan. Unga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligiga 2019 yilning 1 iyulida Qonunchilik palatasiga qonun loyihasini taqdim etishi lozim. 2018 yil 7 dekabridagi 5590-sonli Prezident farmonida majburiy tibbiy sug‘urtani joriy qilish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuzilishi topshirig‘i berilgan. Vazirlik qoshida tashkil etilgan bo‘limda mana 6 oydan beri qonun loyihasini tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilyapti. Unda 2021 yildan boshlab 2025 yilgacha majburiy tibbiy sug‘urtani bosqichma-bosqich joriy qilish ko‘zda tutilgan. Sug‘urtalash 3 bosqichda amalga oshiriladi:

1. Qisqa muddatda - tayyorgarlik bosqichi (2019-2021 yillar);

2. O‘rta muddatli istiqbolda-majburiy tibbiy sug‘urtani joriy etishning dastlabki bosqichi - davlat va xususiy tashkilotlar xodimlarini sug‘urtalash (2021-2023 yillar);

3. Uzoq muddatda-majburiy tibbiy sug‘urtani kengaytirilgan joriy etish bosqichi – axolining barcha qatlamlarini sug‘urta bilan qamrab olish (2023-2025 yy.)

Abduqodirovning ta'kidlashicha, qonun loyihasini tayyorlashda Janubiy Koreya va Turkiya davlatlari ijobiy tajribasi asos qilib olindi va uni tayyorlashda mahalliy (shifokor, sug‘urtachi, moliyachi va boshqalar)va JSST ekspertlari ishtirok etdi. 

«Endi moliyalashtirish masalasiga o‘tsak. Rejaga ko‘ra, 2020 yilda maxsus jamg‘arma tashkil etilib, uning manbalari (Moliya vazirligi hali ushbu moliyaviy manbalarni tasdiqlamaganligi sababli ushbu ro‘yxat o‘zgarishi mumkin) quyidagilar bo‘ladi:

  •  aholi daromadidan to‘lanadigan sug‘urta badallari;
  • alkogol va tamaki mahsulotlarini sotilishidan tushgan tushumlardan qilinadigan ajratmalar (masalan, aksiz solig‘i hozir 12% bo‘lsa, majburiy tibbiy sug‘urta joriy etilgandan keyin u 1%ga oshirilishi mumkin va shu 1 foiz jamg‘arma hisobiga o‘tkaziladi);
  • inson sog‘lig‘i va atrof-muhitga zarar keltiruvchi zavod-fabrikalardan to‘lanadigan ajratmalar (bunda ham xuddi shu tartib amal qiladi).

Yana bir muhim ma'lumotga e'tiboringizni qaratmoqchiman: majburiy tibbiy sug‘urtalashni faqatgina mana shu jamg‘arma amalga oshiradi. Nima uchun sug‘urta kompaniyalari jarayonda ishtirok etmaydi? Chunki xalqaro tajribani o‘rganganimizda, ular faqat vositachi vazifasini bajarishi mumkin, ya'ni mijozni topib, shartnoma tuzadi xolos. Moliyalashtirish esa jamg‘arma zimmasiga yuklanadi. Sug‘urta kompaniyalarining ishtiroki ijobiy hol, albatta. Ammo buning salbiy jihatlari ko‘proq ekanligi isbotlangan. Bitta misol: ushbu vaziyatda sug‘urta kompaniyalari aholining sog‘lom qatlamiga ko‘proq e'tibor bera boshlaydi. Aksincha, qariyalar, nogironlarga sug‘urta polisini rasmiylashtirishdan qochishga harakat qilishadi, chunki kompaniyalarning asosiy maqsadi foyda olish hisoblanadi. Shuni inobatga olgan holda, majburiy tibbiy sug‘urtalashni jamg‘arma bajaradi (ixtiyoriy tibbiy sug‘urta bundan mustasno)» , —  deydi u.

«Majburiy tibbiy sug‘urta joriy qilinsa, shifokor bemorning sog‘lig‘iga qayg‘uradi, uning cho‘ntagiga emas» 

Abduqodirov majburiy tibbiy sug‘urtaning hayotga tatbiq etilishi tibbiyotda ancha yillardan beri to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etishi haqida ham fikrlarini bayon etdi. 

Unga ko‘ra, eng katta muammo – korrupsiogen harakatlar kamayadi. Sug‘urta polisi bilan kelgan bemorga shifokorlar har qachongidan ko‘ra sifatliroq xizmat ko‘rsatishadi, chunki u o‘zi bilan mablag‘ olib kelyapti, ya'ni sug‘urta kompaniyalari tibbiy xizmat haqini to‘lab berishadi. 

«Buning ortidan shifoxonalarning moddiy ahvoli yaxshilanadi. Natijada, xodimlarga yuqori maosh to‘lanadi. Oldingidek bemorlarning cho‘ntagiga «ko‘z tikilmaydi» . Asosiy e'tibor uning sog‘lig‘ini tiklashga qaratiladi. Ikkinchi ijobiy tarafi tibbiyot muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat kuchayadi. Bunda ular ko‘proq bemorlarga xizmat ko‘rsatish uchun sifatni oshirishga harakat qilishadi: moddiy-texnik bazani yaxshilash, malakali kadrlarni jalb qilishga urinishadi. Uchinchidan, tenglik prinsipi shakllanadi. Bemorning ijtimoiy kelib chiqishiga e'tibor berish barham topadi. Shifokor uchun boy-kambag‘alning ahamiyati yo‘qoladi», — deydi u. 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ushbu tizimni joriy qilishdan oldin tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi butun respublika bo‘ylab bir xil bo‘lishi kerak. Poytaxt fuqarosi bilan chekka qishloq aholisiga teng darajada tibbiy xizmat ko‘rsatilishi lozim. Bunga birdan erishish bo‘lmaydi va ma'lum vaqt talab qiladi. Rivojlangan davlatlarda ham majburiy tibbiy sug‘urtani joriy etish uchun 20-30 yillab vaqt ketgan. O‘zbekiston sharoitida yaqin yillar ichida tizim yo‘lga qo‘yiladigan bo‘lsa, albatta,boshida kamchiliklardan holi bo‘lmaydi. Lekin muhim jihati shuki, majburiy tibbiy sug‘urta tibbiyot rivoji yo‘lida qo‘yilgan eng dadil qadam bo‘lib qoladi.

Manba: Kun.uz