Joriy yilning 30 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 46-sonli qarori qabul qilindi.
Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining “O‘zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasini “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati etib qayta tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berish belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, “O‘zbekinvest” EISK” AJ ustav kapitalidagi davlat aksiyalari (ulushlari) paketi bo‘yicha aksiyadorlik huquqi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga o‘tkaziladi.
Qarorga muvofiq, “O‘zbekinvest” EISK” AJning asosiy vazifalari quyidagilar etib belgilandi:
- eksportni sug‘urta bilan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks xizmatlarni, shu jumladan xaridorlarning krediti, qisqa muddatli debitorlik qarzi, yetkazib beruvchining krediti, tasdiqlangan akkreditiv, eksportchining aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun berilgan kredit, eksport faktoringi va eksportni sug‘urta bilan qo‘llab-quvvatlashning boshqa instrumentlarini taqdim etish;
- xorijiy va mahalliy investorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga kiritiladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va portfel investitsiyalarning kompleks sug‘urta himoyasini ta’minlash;
- O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonunchiligiga muvofiq boshqa sug‘urtalash turlarini amalga oshirish;
- xorijiy mamlakatlarning eksport-kredit agentliklari, sug‘urta va qayta sug‘urta kompaniyalari bilan tijorat va siyosiy xatarlarni sug‘urtalash bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish;
- xalqaro, xorijiy va mahalliy sug‘urta tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda sug‘urta va qayta sug‘urta operatsiyalarini amalga oshirish.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning eksport hajmi hamda xorijiy va mahalliy sarmoyadorlar kiritayotgan investitsiyalar kundan kunga ko‘paymoqda. Mazkur qarorning qabul qilinishi esa sug‘urta himoyasi mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, eksportni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni yanada ko‘proq jalb etishga zamin yaratadi.