“O'zbekinvest” kompaniyasi aholi va tadbirkorlik sub'ektlari manfaatlarini himoya qilish maqsadida yangi sug'urta mahsulotlarini ishlab chiqdi

chop etish versiyasi
02.08.2018

Kompaniya faoliyatining asosiy yo'nalishlaridan biri mijozlar manfaatiga mos keladigan sifatli sug'urta xizmatlarini taqdim etishdan iborat. Mijozlar talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, joriy yilning I yarmida sayyohlar, aholi uy-joylari, yuklarni, kreditlarni sug'urtalashga qaratilgan 6 ta yangi sug'urta mahsuloti ishlab chiqildi.

Turizm iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli, oxirgi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, sayyohlik ob'ektlaridan samarali foydalanish, ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini ko'paytirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 2-dekabrdagi “O'zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni turizm tarmog'ini jadal rivojlantirishga qaratilgan bo'lib, bugungi kunda mamlakatimizda turizmning yangi istiqbollari ochilib, turli yo'nalishlarda keng qamrovli loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, keyingi yillarda alpinizm, velosipedda sayohat qilish, off-road sayyohatlari, rafting, geoturizm kabi yangi sayyohlik yo'nalishlari ommalashmoqda.

Ichki va tashqi turizmni yanada rivojlantirish uchun zarur infratuzilmani yaratish va sayyohlarga xalqaro talablar darajasida xizmat ko'rsatish talab etiladi. Sug'urta ham ushbu xizmatlardan biri hisoblanadi. “O'zbekinvest” kompaniyasi tomonidan sayohatchini baxtsiz hodisalardan sug'urtalash, uning bagajini sug'urtalash, turistik faoliyat yurituvchi sub'ektlarning javobgarligini sug'urtalash, mehmonxona biznesini kompleks sug'urtalash kabi xizmatlar ishlab chiqildi.

Sayohatchilarning bagajini sug'urtalash

Sayohatchilar bagajini sug'urtalash sug'urta xizmati sayyohatchining bagajini o'g'rilik, talonchilik va transport vositasining halokat yoki falokatga uchrashi, shuningdek, uchinchi shaxslar tomonidan qasddan ziyon yetkazishi natijasida bagajning butunlay yoki qisman yo'qolishi holatlarida sug'urta himoyasini taqdim etishni ko'zda tutadi.

Qayd etish kerakki, ushbu sug'urta xizmatiga muvofiq bagaj sayyohatchining O'zbekiston hududiga safar qilish vaqtida olib kelgan shaxsiy mol-mulki hisoblanib, bunga sayohatchining turistik xizmat bo'yicha transport tashkilotiga topshirgan bagaji yoki vaqtinchalik yashash joyida qoldirilgan hamda qo'lida bo'lgan yuki hisoblanadi.

Sayohatchi himoyasi

Yana bir yangi sug'urta mahsuloti – “Sayohatchi himoyasi” deb nomlanib, ushbu sug'urta turiga muvofiq kompaniya sug'urtalangan shaxsning ichki turizmni amalga oshirishi davomida kutilmagan baxtsiz hodisa natijasida tan jarohati olganda yoki sog'lig'i/hayotiga zarar yetganda sug'urta himoyasini taqdim etadi.

Ushbu xizmatdan respublika hududida doimiy yashovchi shaxslar foydalanish imkoniyatiga ega, ular mamlakatimiz hududida sayyohat qilish davrida sug'urtaga olinadi.

Turizm biznesi sub'ektlari javobgarligini sug'urtalash

Ushbu sug'urta turiga muvofiq, sayyohat qildirish, ya'ni turistik ob'ektlarni ko'rsatish, sayyohlarni joylashtirish, ovqatlantirish hamda transport, ekskursiya, axborot-konsalting va qonun bilan taqiqlanmagan sayyohlarning ehtiyojlarini qondirishga yo'naltirilgan boshqa faoliyat turlari turistik xizmatlar hisoblanadi.Sayyohlik sohasida xizmat ko'rsatuvchi tadbirkorlik sub'ektlarining javobgarligini sug'urtalashga qaratilgan bo'lib, ularning mijozlari hisoblangan sayyohlar hayoti, sog'lig'i yoki mol-mulkiga zarar yetishi oqibatida yuzaga keladigan javobgarligi yuzasidan sug'urta himoyasini taqdim etadi.

Mehmonxona biznesini sug'urtalash

Ushbu sug'urta mahsuloti mehmonxona biznesini kompleks sug'urtalashga qaratilgan. Mazkur sug'urta xizmati baxtsiz hodisa oqibatida mehmonxona mol-mulkiga yetadigan zararlarni, mehmonxona faoliyatining vaqtinchalik to'xtab qolishi sababli yetadigan zararlarni qoplab berishni hamda uning ishchi xodimlarini baxtsiz hodisalardan sug'urtalash, shu bilan birga, ijarachilar oldidagi javobgarligini sug'urtalaydi.

Iste'mol va mikrokreditni sug'urtalash

Tijorat banklari tomonidan iste'mol va mikrokreditlarni berish bilan bog'liq tadbirkorlik xavfini sug'urtalash turi “O'zbekinvest” kompaniyasi tijorat banklari tomonidan berilayotgan kreditlarning qaytmaslik xavfini sug'urtalaydi, ya'ni, tijorat banklari tomonidan mobil ilovalari orqali qarz oluvchining plastik kartochkalariga ajratiladigan pul miqdorining kutish muddatidan keyin yuzaga keladigan zararlarni qoplashni ko'zda tutadi.

Bunda ajratilgan kreditni qo'llash uchun kredit shartnomasida (mobil oferta) nazarda tutilgan to'lovlar qoplanishi shart bo'lgan pul miqdori zarar sifatida qabul qilinadi.

Ta'lim muassasalari o'quvchilarini baxtsiz hodisalardan sug'urtalash

 “O'zbekinvest” kompaniyasining ta'lim muassasalarida o'quvchilarni baxtsiz hodisalardan sug'urtalashni turi baxtsiz hodisalar oqibatida o'quvchilar sog'lig'i va hayotiga o'quv dargohida zarar yetganda sug'urta himoyasi taqdim etiladi.

Ta'kidlash lozimki, «O'zbekinvest» kompaniyasi tomonidan bugungi kunda yuridik va jismoniy shaxslar mol-mulki, aholi sog'lig'i va hayotini sug'urta himoyasiga qaratilgan 100 dan ortiq ixtiyoriy va majburiy sug'urta turlari mahsulotlari bilan o'z mijozlariga sifatli sug'urta xizmatlarini ko'rsatib kelmoqda.

 

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati