«O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi tomonidan joriy yilning avgust oyi davomida 869 ta sug‘urta hodisalari bo‘yicha mijozlardan kelib tushgan murojaatlar asosida qariyb 1,7 mlrd. so‘m hajmidagi sug‘urta qoplamalari to‘lab berildi.
Oxirgi yillarda kompaniya tomonidan sug‘urta himoyasining afzalliklarini targ‘ib qilish bo‘yicha olib borilayotgan tadbirlar natijasida aholi o‘rtasida sug‘urta xizmatlariga, xususan sug‘urtaning ixtiyoriy turlariga bo‘lgan qiziqish va talab ortib bormoqda. Birgina avgust oyida ko‘rib chiqilgan da'volarning 80 foizi ixtiyoriy sug‘urta turlariga to‘g‘ri kelgani ham buning yaqqol dalilidir.
Amalga oshirilgan sug‘urta qoplamalarining ayrimlariga murojaat qilsak, sodir bo‘lgan sug‘urta hodisalari bo‘yicha berilgan da'vo arizalari ko‘rib chiqilishi natijasida yetkazilgan zararlarni qoplab berish uchun qurilish-montaj qaltisliklari sug‘urtasi bo‘yicha Surxondaryo viloyatida qurilish sohasida faoliyati yurituvchi korxonaga 201 mln. so‘m, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha Farg‘ona viloyatida yo‘l qurilishi sohasida faoliyat yurituvchi korxonaga 191 mln. so‘m, Sirdaryo viloyatidagi tashkilotga esa ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha 158 mln. so‘m sug‘urta qoplamalari to‘lab berildi.
Joriy yil boshidan buyon «O‘zbekinvest» kompaniyasi tomonidan mijozlarga jami 12,7 mlrd. so‘mdan ortiq sug‘urta qoplamalari to‘lab berilgan.
«O‘zbekinvest» milliy sug‘urta kompaniyasi
Axborot xizmati