“O'zbekinvest” milliy sug'urta kompaniyasi tomonidan mamlakatimizda sug'urta xizmatlari qamrovini yanada kengaytirish maqsadida tashkil etilgan eng yaxshi sug'urta agentlari tanlovining Toshkent viloyati bosqichi o'tkazildi.
Mamlakatimizda sug'urta xizmatlari qamrovini yanada kengaytirish, ko'rsatilayotgan xizmatlarning aholi uchun qulay va tezkorligini ta'minlashda sug'urta agentlari muhim rol o'ynaydi. Sug'urta agentlarini malakasini oshirish va doimiy rag'batlantirish tabiiyki, ularning ish sifatiga ijobiy ta'sir etadi. Ushbu jihatlar inobatga olinib, “O'zbekinvest” kompaniyasi tomonidan sug'urta agentlari o'rtasida eng yaxshilarini taqdirlash maqsadida joriy yil boshida tanlov e'lon qilingan edi.
2018-yilning 19-oktabr kuni ushbu tanlovning Toshkent viloyati bosqichi bo'lib o'tdi. Unda kompaniyaning Toshkent viloyati filiali rahbariyati, filial va bo'lim xodimlari, sug'urta agentlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda ma'lumot berildiki, kompaniya tomonidan sug'urta himoyasining afzalliklarini tushuntirish bo'yicha olib borilayotgan tadbirlar natijasida oxirgi yillarda aholi o'rtasida sug'urta xizmatlariga bo'lgan qiziqish va talab ortib bormoqda.
Sug'urta xizmatlari sifatini oshirish va hududlarda faoliyat geografiyasini kengaytirish, agentlik tarmog'ini rivojlantirish, yangi, dolzarb sug'urta mahsulotlarini joriy etish hamda jismoniy va yuridik shaxslar kesimida faol sug'urta faoliyatini yuritish natijasida joriy yilning o'tgan 9 oyi davomida kompaniya tomonidan 137 mlrd. so'm hajmda sug'urta mukofotlari yig'ildi va bu ko'rsatkich o'tgan yilning shu davriga nisbatan 2,5 barobar ko'p.
Ushbu ko'rsatkichlarni Toshkent viloyati kesimida tahlil etadigan bo'lsak, 9 oy davomida filial tomonidan 6,7 mlrd. so'm sug'urta mukofoti tushumi ta'minlangan va bu ko'rsatkich o'tgan yilning shu davriga qiyoslaganda 1,7 barobarga o'sgan.
Mazkur raqamlarda sug'urta agentlarining ham ulushi borligi ular bilan hamkorlikni yanada samaraliroq tashkil etish lozimligini ko'rsatadi.
Bugungi kunda viloyatning shahar va tumanlarida joylashgan 16 ta sug'urta bo'limlari, 75 ta sug'urta agentlari va 19 ta yollanma ishchilar faoliyat olib bormoqda.
Tadbir yakunida eng yaxshi sug'urta agentlari taqdirlandi va ularga qimmatbaho savg'alar taqdim etildi.
3-o'rin – Hasanov Ixtiyor Odilovich (changyutgich);
2-o'rin – Yakubov Muzaffar Mirvaxitovich (mikroto'lqinli pech);
1-o'rin – Sultonov Abror Abdujabbarovich (32 diagonalli televizor).
«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati