Muhtarama onaxonlar!
Munis opa-singillar, lobar qizalogʻlar!
Goʻzal yurtimizga barchamiz orziqib kutgan koʻklam nafasi kirib kelayotgan mana shu yorugʻ kunlarda siz, azizlarimizni, sizlar orqali butun Oʻzbekiston xotin-qizlarini 8 mart bayrami bilan chin qalbimizdan muborakbod etishdan baxtiyormiz.
Bahor tobora kuchga kirib, tabiat uygʻonib borayotgan shu qutlugʻ ayyomda sizlarning aziz va qadrdon yuzlaringiz, koʻzlaringizga boqib, samimiy tuygʻu va tilaklarimizni izhor etar ekanmiz, biz bahor va ayol soʻzlarining naqadar uygʻun va hamohang ekanini yanada chuqur anglaymiz. Ayol zoti chindan ham oʻz timsolida goʻzallik va nafosat, ezgulik va fidoyilik kabi olijanob insoniy fazilatlarni mujassam etganiga yana va yana bir bor ishonch hosil qilamiz.
Barchangizni qutlugʻ bayramingiz bilan yana bir bor chin qalbimizdan tabriklar ekanmiz, sizlarga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilab qolamiz.
Doimo toleingiz baland, rizqu nasibangiz ziyoda boʻlsin!Hamisha omon boʻling!