So‘nggi 3 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusiga ko‘ra va rahbarligi ostida davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida, xususan iqtisodiyot sohasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilib, sug‘urta bozorining tez sur'atlarda o‘sishi uchun qulay sharoitlar yaratmoqda.
«O‘zbekinvest» milliy sug‘urta kompaniyasi sug‘urta sohasining rivojlanishi jarayonida faol ishtirok etgan holda 2019-yilning o‘tgan 9 oyi yakunlariga ko‘ra ijobiy dinamikani namoyish qildi va faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlari barqaror o‘sishini ta'minladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-dekabrdagi «Eksportga ko‘maklashish va uni rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» va joriy yilning 24-mayidagi «Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sug‘urta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarorlarida belgilangan vazifalarga muvofiq tovar va xizmatlarni eksport qiluvchi mahalliy eksportchilarimizga joriy yilning o‘tgan davrida 547 mln. AQSh dollari miqdorida sug‘urta himoyasi taqdim etildi, vaholanki, ushbu ko‘rsatkich butun 2018-yil uchun 9 mln. AQSh dollarini tashkil etgan.
Aholining sog‘lig‘i va mol-mulkini sug‘urta himoyasi bilan hamda korporativ sektordagi sug‘urta xizmatlarini rivojlantirishni ta'minlovchi faol ish natijasida «O‘zbekinvest» kompaniyasi tomonidan o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 176 foiz o‘sish bilan 241 mlrd. so‘m hajmida sug‘urta mukofotlari yig‘ildi.
Tuzilgan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha olingan sug‘urta majburiyatlari hajmi 54,6 trln. so‘mni yoki 5,7 mlrd. AQSh dollari ekvivalentini tashkil etdi.
«O‘zbekinvest» kompaniyasi joriy yilning 9 oylik faoliyati yakunlariga ko‘ra milliy sug‘urta bozorida yetakchilik o‘rnini saqlab qoldi va mustahkamladi.
Aholi bilan faol ishlash evaziga jismoniy shaxslarni sug‘urtalash segmentida 33,3 mlrd. so‘m yoki 2018-yilning shu davri bilan taqqoslaganda 2,3 barobar ko‘p hajmdagi sug‘urta mukofotlari tushumini ta'minlashga erishildi.
Joriy yilning 9 oyida respublika hududlarida, shu jumladan olis hududlarda 19 ta yangi sug‘urta bo‘limlari ochildi va ularning umumiy soni 206 taga yetdi. Hududiy bo‘limlar tomonidan 75,1 mlrd. so‘m sug‘urta mukofotlari tushumi yoki 2018-yilning shu davriga nisbatan 143 foiz o‘sish ta'minlangani esa «O‘zbekinvest» kompaniyasi qishloq aholisi va korxonalari bilan faol ishlayotganidan dalolat beradi.
Ta'kidlash joizki, ushbu ko‘rsatkichning yuqori darajada o‘sishining sababi 48,1 mlrd. so‘m hajmida sug‘urta mukofotlari tushumini yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 181 foiz o‘sishni ta'minlagan tuman sug‘urta bo‘limlarining faolligidir.
Korporativ sektor tashkilotlari, shu jumladan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi vakillari bilan olib borilgan jadal sug‘urta faoliyati 207,7 mlrd. so‘m miqdorida sug‘urta mukofotlari tushumini yoki o‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda 170 foiz o‘sishni ta'minlash imkoniyatini berdi.
Shu bilan birga, kompaniyaning mijozlar bazasi 2018-yilning shu davriga nisbatan birinchi navbatda qishloq joylaridagi mijozlar hisobiga 148 foizga o‘sib, jismoniy va yuridik shaxslar bilan tuzilgan shartnomalar soni 521 mingtani tashkil etdi.
Ushbu davrda kompaniya tomonidan 9 067 ta sug‘urta da'volari ko‘rib chiqildi va 14,2 mlrd. so‘m miqdorida sug‘urta tovoni to‘lab berildi.
Jadal xalqaro sug‘urta faoliyatining olib borilishi natijasida AQSh, Yaponiya, Koreya, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Shveysariya va boshqa davlatlarning investorlari va pudratchilari tomonidan davlat dasturlari doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalari bo‘yicha qabul qilingan majburiyatlar hajmi 17 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi.
Kompaniyasi nafaqat O‘zbekiston sug‘urta bozorida, balki xalqaro sug‘urta bozorlarida jadal sug‘urta faoliyatini amalga oshirib, aksariyat qismi jahon sug‘urta kompaniyalarining birinchi o‘ntaligiga kiruvchi Allianz SE va HDI Global Network AG (Germaniya), Zurich Insurance Group (Shveytsariya), Tokio Marine & Nichido Fire Insurance Co. Ltd. (Yaponiya), AXA (Fransiya), People Insurance Company of China (Xitoy), Korean Reinsurance Company (Koreya), «Ingosstrax» va «Sogaz» (Rossiya) va boshqalar kabi yetakchi transmilliy sug‘urta, qayta sug‘urta kompaniyalari va sug‘urta brokerlari bilan hamkorlik qilmoqda.
Joriy yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra kompaniyaning investisiya portfeli 2018 yilning shu davriga nisbatan 117 foizga o‘sib, 869,6 mlrd. so‘mni tashkil etdi, shundan 320,4 mlrd. so‘mi tijorat banklariga depozit mablag‘lari ko‘rinishida joylashtirildi, 531,4 mlrd. so‘mi yirik tashkilotlarning aksiyalariga investisiya qilindi.
Joriy yilning 10-iyul kuni mamlakatimizda sug‘urta xizmatlari bozorini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta'minlash ayni paytda kompaniya faoliyatining asosiy va ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.
Xususan, eksport sug‘urtasi bo‘yicha xizmatlarni yanada rivojlantirish va o‘sishini ta'minlash, aholi va biznes sub'ektlari ehtiyojlaridan kelib chiqib, innovatsion sug‘urta mahsulotlarini ishlab chiqish va joriy etish, onlayn sug‘urtani ommalashtirish va kompaniya faoliyatida zamonaviy informasion texnologiyalarni joriy etish, «uzluksiz ta'lim» konsepsiyasini amalga oshirish va kompaniya xodimlari malakasini oshirish, sug‘urtalanuvchilarning shaxsiy va mulkiy manfaatlariga ishonchli sug‘urta himoyasini taqdim etish maqsad va vazifalari belgilangan.
«O‘zbekinvest» kompaniyasi axborot xizmati