“O'zbekinvest” kompaniyasi mutaxassislari Yaponiyada malaka oshirib qaytishdi

chop etish versiyasi
15.05.2018

«O'zbekinvest» milliy sug'urta kompaniyasi dunyo sug'urta bozorining ilg'or tajribasini o'rganish, so'ngi yangiliklarni o'z faoliyatida joriy etish va xalqaro sug'urta bozorida o'z mavqeyini yanada mustahkamlash uchun xorijiy moliyaviy tashkilotlar bilan bilan doimiy hamkorlik qilish maqsadida xorijiy mamlakatlar tajribasini o'rganib kelmoqda.

Shuningdek, kompaniya faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida Kompaniya mutaxassislari Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan “Biznes rahbarlari malakasini oshirish” dasturi bo'yicha Tokio shahrida tashkil etilgan malaka oshirish kursida ishtirok etishdi.

O'n kunlik safar doirasidagi seminarlarda Yaponiyaning konsalting, ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish sohalarida faoliyat yurituvchi mutaxassislari tomonidan amaliy marketingni joriy etish, chakana savdo hajmini oshirish, muammolarni aniqlash va hal etish usullari kabi masalalar bo'yicha ishtirokchilarga ma'lumotlar berildi va seminarlar davomida “O'zbekinvest” kompaniyasi faoliyati bo'yicha taqdimot o'tkazildi.

Bundan tashqari, malaka oshirish kursi ishtirokchilari FANCL, TANITA va «Cocokara Fine» kompaniyalarining faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Kompaniya mutaxassislarining bu kabi seminarlarda ishtirok etishi kelajakda mamlakatimizda sug'urta bozorini yanada rivojlantirish, xorijning ilg'or tajribalarini joriy etish, qayta sug'urtalash borasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.

«O'zbekinvest» EIMSK axborot xizmati