“O'zbekinvest” kompaniyasi mutaxassislari Chexiya tajribasini o'rganmoqda

chop etish versiyasi
05.06.2018

Barcha sohalarda bo'lgani kabi sug'urtada ham sohani rivojlantirish uchun xorijiy hamkorlikni yo'lga qo'yish, xalqaro yetakchi moliya institutlarining ilg'or, innovatsion tajribalarini o'rganish va ish faoliyatida joriy etish talab etiladi.

 “O'zbekinvest” milliy sug'urta kompaniyasida ushbu yo'nalishga alohida e'tibor berilib, ayniqsa yosh mutaxassislar Sharq va Yevropaning turli moliya tashkilotlari, jumladan sug'urta va qayta sug'urta kompaniyalari tajribasini o'rganish, sug'urta biznesini rivojlantirishga qaratilgan qator seminar va malaka oshirish kurslarida doimiy ishtirok etib keladi.

Ayni paytda O'zbekiston bank-moliya akademiyasi tinglovchilari hisoblangan Kompaniyaning sug'urta da'volarini ko'rib chiqish departamenti mutaxassisi Ilhom Madrahimov va Toshkent shahar filiali mutaxassisi Samandar Abdushukurov Chexiyaning Bogemiya universitetida “Chexiyada bank-moliya tizimining zamonaviy tendensiyalari, ularning rivojlanish tajribasi” mavzusida tashkil etilgan malaka oshirish kursida ishtirok etishdi.

Kurs doirasida Chexiyaning Bogemiya universiteti, Diplomatiya akademiyasi, Oliy iqtisodiyot maktabi kabi mashhur oliy o'quv yurtlari, yetakchi moliya institutlari professorlari tomonidan ishtirokchilarga korporativ moliya, banklar va loyihalarni moliyalashtirish, Chexiya bank tizimi, kredit qaltisligi, Yevropa Ittifoqi institutlari kabi mavzularda ma'lumotlar taqdim etildi.

Amaliy seminar yakunida ishtirokchilarga tashkilotchilarning sertifikatlari topshirildi.

«O'zbekinvest» EIMSK axborot xizmati