2018-yilning 30-oktabr kuni O'zbekiston milliy matbuot markazida «O'zbekinvest» milliy sug'urta kompaniyasi faoliyatning joriy yil 9 oyi yakunlari bo'yicha asosiy ko'rsatkichlari, mobil sug'urta xizmatlari, Internet-do'konining qo'layliklari va boshqa masalalar haqida keng jamoatchilikni xabardor etish maqsadida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda «O'zbekinvest» kompaniyasi tarkibiy tuzilmalari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda ma'lumot berildiki, «O'zbekinvest» milliy sug'urta kompaniyasi faoliyatida 2018-yilning o'tgan 9 oyi davomida qator ijobiy natijalarga erishildi.
Sug'urta xizmatlari sifatini oshirish va hududlarda faoliyat geografiyasini kengaytirish, agentlik tarmog'ini rivojlantirish, yangi, dolzarb sug'urta mahsulotlarini joriy etish hamda jismoniy va yuridik shaxslar kesimida faol sug'urta faoliyatini yuritish natijasida 137 mlrd. so'm hajmda sug'urta mukofotlari yig'ildi va bu ko'rsatkich o'tgan yilning shu davriga nisbatan 2 barobar ortiq bo'ldi. Ixtiyoriy sug'urta turlari bo'yicha yig'ilgan sug'urta mukofotlari hajmi 2017-yilning shu davri bilan taqqoslaganda 2,7 barobarga o'sib, 114,2 mlrd. so'mni tashkil etdi. Mijozlar bilan tuzilgan sug'urta shartnomalari bo'yicha 73 trln. so'm yoki 9 mlrd. AQSH dollari ekvivalentidagi sug'urta majburiyatlari olingan.
Joriy yilning o'tgan 9 oyi davomida kompaniya tomonidan 7400 ga yaqin sug'urta da'volari ko'rib chiqilib, ular bo'yicha jami 26,5 mlrd. so'mdan ortiq sug'urta qoplamasi to'lab berilgan.
Qabul qilingan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning 9 oyida 12 ta yangi hududiy sug'urta bo'limlari ochildi, hududiy filiallar tomonidan 52 mlrd. so'm yoki 2017-yilning shu davri bilan taqqoslaganda 1,5 barobar ko'p sug'urta mukofotlari yig'ildi. Tumanlardagi sug'urta bo'limlari tomonidan yig'ilgan sug'urta mukofolari hajmi 1,7 barobarga o'sib, 25 mlrd. so'mni tashkil etdi.
Kompaniyaning imijini va sug'urta xizmatlarini targ'ib qilish hamda aholining sug'urta haqidagi xabardorlik darajasini oshirish maqsadida reklama-marketing faoliyatini faollashtirish bo'yicha tadbirlar tashkil etildi. Xususan, aprel oyida majburiy avtosug'urta polisini sotib olgan yangi mijozlar o'rtasida “Omadli polis sohibi” marketing aksiyasi o'tkazilib, g'oliblariga ham zamonaviy qimmatbaho maishiy texnika vasitalari, Rossiyada bo'lib o'tgan Futbol bo'yicha jahon chempionati o'yinlariga yo'llanmalar taqdim etuvchi «Jahon futboli ishqibozi» va O'zbekiston Respublikasi mutaqiligining 27 yilligi arafasida «Men O'zbekistonni sevaman» aksiyalari o'tkazildi. Kompaniya mijozlarini rag'batlantirish, sug'urta himoyasining afzalliklarini targ'ib qilishga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda.
Faol xalqaro sug'urta faoliyatini amalga oshirish natijasida O'zbekiston Respublikasini rivojlantirish Davlat dasturlari doirasida AQSH, Yaponiya, Koreya, Rossiya Federatsiyasi, Shveytsariya va boshqa mamlakatlar xorijiy investorlari va pudratchilari tomonidan O'zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar bo'yicha kompaniya tomondina qabul qilingan sug'urta majburiyatlari hajmi 21,7 mlrd. AQSH dollarni tashkil etdi. Ushbu majburiyatlar 2024-yilgacha amalda bo'ladi.
Matbuot anjumani yakunida kompaniya va OAV vakillari o'rtasida fikr almashildi. Kompaniya mutaxassislari jurnalistlarning majburiy va ixtiyoriy sug'urta turlari hamda Davlat dasturlari va Hukumatning iqtisodiy dasturi muhim ustuvor yo'nalishlari doirasida Kompaniya tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida va boshqa savollariga javob berishdi.
«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati