«O'zbekinvest» kompaniyasi turizm sohasi uchun sug'urta xizmatlarini kengaytirmoqda

chop etish versiyasi
20.05.2019

Bugungi kunda turizm sohasi eng tez rivojlanib borayotgan va iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri hisoblanadi.

Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, sayyohlik ob'ektlaridan samarali foydalanish, ko'rsatilayotgan xizmat turlari sifatini oshirish, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini ko'paytirish masalalariga katta e'tibor qaratilmoqda.

Bu mamlakatimizda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish uchun zarur infratuzilmani yaratish va sayyohlarga xalqaro darajada xizmat ko'rsatishni talab etadi.

Ushbu yo'nalishda sug'urta xizmatlari alohida ahamiyatga ega, bu borada “O'zbekinvest” milliy sug'urta kompaniyasi turistik firmalar, turoperatorlar, mehmonxona egalari, mahalliy va xorijiy turistlarning mulkiy va shaxsiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan sug'urta xizmatlarini kengaytirib bormoqda.

Jumladan, Kompaniya tomonidan quyidagi yangi sug'urta mahsulotlari ishlab chiqildi:

- “Turoperatorlarning sayohat turining bekor qilinishi bilan bog'liq ko'zda tutilmagan xarajatlarni sug'urtalash”;

- “Turoperatorlarning xorijiy kontragentlarning bankrotlikka uchrashi bilan bog'liq ko'zda tutilmagan xarajatlarini sug'urtalash”;

- “Turoperatorlarning aviareyslarning o'zgartirilishi yoki bekor qilinishi bilan bog'liq ko'zda tutilmagan xarajatlarini sug'urtalash”;

- “Sayyohlar bagajini sug'urtalash”.

Turoperatorlarning sayohat turining bekor qilinishi bilan bog'liq ko'zda tutilmagan harajatlarni sug'urtalash

Ushbu sug'urta turi bo'yicha sug'urta kompaniyasi sug'urtalangan sayohatchi tomonidan sayyohlik turi bekor qilinishi natijasida sug'urtalangan turoperatorning ko'zda tutilmagan, ya'ni mehmonxona, transport, transfer va boshqa xarajatlari uchun amalga oshirilgan to'lovlari bilan bog'liq xarajatlari yuzasidan ko'rilgan zararlarni qoplab berish majburiyatini zimmasiga oladi.

Turoperatorlar xorijiy kontragentining bankrot bo'lishi bilan bog'liq ko'zda tutilmagan xarajatlarni sug'urtalash

Mazkur sug'urta turi bo'yicha sug'urta kompaniyasi sug'urtalangan turoperator kontragentlari (shartnoma bo'yicha ishlovchi hamkorlari)ning to'lov qobiliyatini to'liq yo'qolishi natijasida o'z majburiyatlarini bajara olmay qolishi sababli turoperatorning ko'zda tutilmagan, ya'ni xorijiy turni tashkil qilish maqsadida mehmonxona, transport, transfer va boshqa xarajatlari uchun amalga oshirgan to'lovlari bo'yicha ko'rgan zararlarini qoplab berish majburiyatini zimmasiga oladi.

Turoperatorlar aviareysning ko'chirilishi yoki bekor qilinishi bilan bog'liq ko'zda tutilmagan xarajatlarni sug'urtalash

Ushbu sug'urta turi bo'yicha sug'urta kompaniyasi sug'urtalangan turoperator tabiat hodisalari, ob-havoning ta'sirida, aviakompaniyaning ichki tartiblari va boshqa sabablarga ko'ra aviareysni ko'chirilishi yoki bekor qilinishi natijasida turopreratorning ko'zda tutilmagan, ya'ni xorijiy turni tashkil qilish bilan bog'liq mehmonxona, transport, transfer va boshqa xarajatlari uchun amalga oshirilgan to'lovlari sababli ko'riladigan zararni to'lab berish majburiyatini zimmasiga oladi.

Sayyohlar bagajini (mol-mulkini) sug'urtalash

Sug'urtaning ushbu turi shartlariga ko'ra sug'urta kompaniyasi sug'urtalangan sayyoh bagajiga tabiat hodisalari, yong'in, dovul, sel, suv bosishi, zilzila, tufon, yer ko'chishi va hakazolar, uchinchi shaxslarning qonunga zid xatti-harakatlari (o'g'rilik, bosqinchilik, talon-taroj va qastdan zarar yetkazish va va hakazolar) hamda transport vositasi bilan yo'l transport hodisalari yoki sug'urtalanuvchi bilan baxtsiz hodisa sodir bo'lishi oqibatida bagajga zarar etishi sug'urta hodisasi hisoblanadi. Ushbu shartlarga ko'ra tuzilgan sug'urta shartnomasiga asosan sayohatchi bagajiga, ya'ni sug'urta qilingan mol-mulkiga yetgan zararni sug'urta kompaniyasi to'lab berish majburiyatini zimmasiga oladi.

Bugungi kunda «O'zbekinvest» kompaniyasining hududlarda faoliyat ko'rsatayotgan 14 ta filiali va 190 ta sug'urta bo'limlari tomonidan yuqorida bildirilgan sug'urta mahsulotlari bo'yicha xizmatlar ko'rsatib kelinmoqda. Shuningdek, joylardagi ushbu tarkibiy bo'linmalar tomonidan mijozlarga kompanida ishlab chiqilgan 160 dan ortiq sug'urta mahsulotlari bo'yicha xizmatlar taqdim etiladi.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati