«O'zbekinvest» kompaniyasining 2018-yil 9 oyi yakunlari bo'yicha sug'urta faoliyatining ko'rsatkichlari

chop etish versiyasi
25.10.2018

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlar natijasida iqtisodiyotning barcha sohalari, xususan, sug'urta sohasi ham jadal rivojlanmoqda. Jahon standartlariga mos, zamonaviy sug'urta xizmatlarining taklif etilishi tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatining barqaror rivojlanishiga, aholi mol-mulki va sog'lig'i himoyasiga ijobiy ta'sir etadi.

O'zbekiston sug'urta bozorining rivojlanishi jarayonida «O'zbekinvest» milliy sug'urta kompaniyasi faoliyatida 2018-yilning o'tgan 9 oyi davomida qator ijobiy natijalarga erishildi.

Sug'urta xizmatlari sifatini oshirish va hududlarda faoliyat geografiyasini kengaytirish, agentlik tarmog'ini rivojlantirish, yangi, dolzarb sug'urta mahsulotlarini joriy etish hamda jismoniy va yuridik shaxslar kesimida faol sug'urta faoliyatini yuritish natijasida 137 mlrd. so'm hajmda sug'urta mukofotlari yig'ildi va bu ko'rsatkich o'tgan yilning shu davriga nisbatan 2,5 barobar ortiq bo'ldi. Ixtiyoriy sug'urta turlari bo'yicha yig'ilgan sug'urta mukofotlari hajmi 2017-yilning shu davri bilan taqqoslaganda 2,7 barobarga o'sib, 114,2 mlrd. so'mni tashkil etdi.

Mijozlar bilan tuzilgan sug'urta shartnomalari bo'yicha 73 trln. so'm yoki 9 mlrd. AQSh dollari ekvivalentidagi sug'urta majburiyatlari olingan.

Sug'urta hodisasi yuz berganda mijozlarning da'volarini imkon qadar tez ko'rib chiqib, ularning mol-mulki yoki sog'lig'iga yetgan zararni o'z vaqtida qoplab berish «O'zbekinvest» kompaniyasi faoliyatining muhim yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Joriy yilning o'tgan 9 oyi davomida kompaniya tomonidan 7400 ga yaqin sug'urta da'volari ko'rib chiqilib, ular bo'yicha jami 26,5 mlrd. so'mdan ortiq sug'urta qoplamasi to'lab berildi.

2018-yilda jismoniy shaxslar bilan ishlash bo'yicha yondashuvning tubdan yaxshilash va shahar va qishloq aholisini sug'urtaning ixtiyoriy va majburiy turlariga faol jalb etishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida jismoniy shaxslar kesimida 19 mlrd. so'm yoki o'tgan yilning shu davriga qaraganda 2,3 barobar ko'p sug'urta mukofoti yig'ish ta'minlangan. Shu bilan birgalikda, hududlarda, ayniqsa, chekka qishloqlarda ham sug'urta faoliyatini rivojlantirish bo'yicha tadbirlar amalga oshirildi.

Qabul qilingan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning 9 oyida 12 ta yangi hududiy sug'urta bo'limlari ochildi, hududiy filiallar tomonidan 52 mlrd. so'm yoki 2017-yilning shu davri bilan taqqoslaganda 1,5 barobar ko'p sug'urta mukofotlari yig'ildi. Tumanlardagi sug'urta bo'limlari tomonidan yig'ilgan sug'urta mukofolari hajmi 1,7 barobarga o'sib, 25 mlrd. so'mni tashkil etdi.

Sug'urta mutaxassislarini tayyorlash va qayta tayyorlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar doirasida kompaniya faoliyatining muhim yo'nalishlari bo'yicha qator seminarlar tashkil etildi, 24 nafar xodim respublika va xorijiy o'quv markazlarga o'qishga yo'naltirildi.

Kompaniyaning imijini va sug'urta xizmatlarini targ'ib qilish hamda aholining sug'urta haqidagi xabardorlik darajasini oshirish maqsadida reklama-marketing faoliyatini faollashtirish bo'yicha tadbirlar tashkil etildi. Xususan, Rossiyada bo'lib o'tgan Futbol bo'yicha jahon chempionati o'yinlariga yo'llanmalar taqdim etuvchi «Jahon futboli ishqibozi» va O'zbekiston Respublikasi mutaqiligining 27 yilligi arafasida «Men O'zbekistonni sevaman» aksiyalari o'tkazildi. Kompaniya mijozlarini rag'batlantirish, sug'urta himoyasining afzalliklarini targ'ib qilishga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda.

Ta'kidlash kerakki, «O'zbekinvest» kompaniyasi ko'p yillardan buyon kreditlar va investisiyalarni sug'urtalovchilar Xalqaro ittifoqi – Bern ittifoqining to'la huquqli a'zosidir. Bern ittifoqi dunyo bo'yicha eksport kreditlari va investisiyalarni sug'urtalash bo'yicha agentliklarning jahon assosiasiyasi hisoblanadi. Ushbu ittifoq dunyoning 70 dan ortiq mamlakatidan 83 ta tashkilotni birlashtiradi. Birlashma a'zolari tomonidan qabul qilingan sug'urta majburiyatlari 2,3 trillion AQSh dollaridan ortiqni yoki 2017-yil davomida dunyo savdosining 13 foizini tashkil etadi.

Ishtirokchilarning xilma-xilligi va ularning tajribasi Bern ittifoqi a'zolari bilan professional ma'lumotlarni almashish va aloqalar o'rnatish kabi imkoniyatlarni taqdim etadi. Ittifoqdagi ishtiroki doirasida ushbu imkoniyatlardan foydalangan holda «O'zbekinvest» kompaniyasi 20 dan ortiq xorijiy mamlakatlarning davlat eksport-kredit agentliklari bilan hamkorlikni yo'lga qo'ydi va rivojlantirib bormoqda.

Faol xalqaro sug'urta faoliyatini amalga oshirish natijasida O'zbekiston Respublikasini rivojlantirish Davlat dasturlari doirasida AQSH, Yaponiya, Koreya, Rossiya Federatsiyasi, Shveytsariya va boshqa mamlakatlar xorijiy investorlari va pudratchilari tomonidan O'zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar bo'yicha kompaniya tomondina qabul qilingan sug'urta majburiyatlari hajmi 21,7 mlrd. AQSH dollarni tashkil etdi. Ushbu majburiyatlar 2024-yilgacha amalda bo'ladi.

Shu bilan birga, «O'zbekinvest» kompaniyasi Navigators Insurance Company (AQSH), Lancashire Insurance Company Limited (Buyuk Britaniya), Tokio Marine & Nichido Fire Insurance Co. Ltd. (Yaponiya), Allianz SE va HDI Global Network AG (Germaniya), AXA (Fransiya), People Insurance Company of China (Xitoy), Korean Reinsurance Company (Koreya), «Ingosstrax», «Sogaz» (Rossiya), Zurich Insurance Group (Shveytsariya) kabi dunyo sug'urta kompaniyalarining birinchi o'ntaligiga kiruvchi yetakchi transmilliy sug'urta kompaniyalari bilan faol hamkorlik qilmoqda.

Sug'urta bozoridagi raqobatning kuchayib borayotgani, shuningdek, taqdim etilayotgan sug'urta xizmatlari soni va sifatiga mijozlarning talabidan kelib chiqib, «O'zbekinvest» kompaniyasi dunyo sug'urta bozorining ilg'or va innovasion tajribalarini o'rgangan holda o'z faoliyatini davom ettirish va sug'urtalanuvchilarning shaxsiy va mulkiy manfaatlariga ishonchli sug'urta himoyasini taqdim etishni maqsad qilgan.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati