«O'zbekinvest» kompaniyasining 2018-yil I yarim yilligidagi sug'urta faoliyatining ko'rsatkichlari

chop etish versiyasi
31.07.2018

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari va rahbarliklarida amalga oshirilayotgan, xalqimiz hayoti va davlatimizning barcha sohalarini qamrab olayotgan islohotlar muhitida xalqaro munosabatlar mustahkamlanmoqda, investitsion iqlim yaxshilanmoqda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jadal rivojlanmoqda, biznesning barcha yo'nalishlari, shu jumladan sug'urtaning tubdan o'sishi va rivojlanishi uchun barcha imkoniyatlar ochilmoqda.

Iqtisodiyotning qayta shakllanishi va sug'urta bozorining rivojlanishi jarayonlarida faol ishtirok etayotgan «O'zbekinvest» kompaniyasi tomonidan 2018-yilning I yarmida qator ijobiy natijalarga erishildi.

Hududlar va agentlik tarmog'ini rivojlantirish, yangi, dolzarb sug'urta mahsulotlarini ishlab chiqish va joriy etish hamda jismoniy va yuridik shaxslar kesimida faol sug'urta faoliyatini yuritish natijasida 112 mlrd. so'm hajmda sug'urta mukofotlari yig'ildi va bu ko'rsatkich o'tgan yilning shu davriga nisbatan 3 barobar ortiq bo'ldi.

Mijozlar bilan tuzilgan sug'urta shartnomalari bo'yicha olingan sug'urta majburiyatlari hajmi 69 trln. so'mni yoki 8,9 mlrd. AQSh dollari ekvivalentini tashkil etdi.

O'zbekiston Respublikasini rivojlantirish Davlat dasturlari doirasida Rossiya Federatsiyasi, Yaponiya, Koreya, AQSh, Shveytsariya va boshqa mamlakatlar xorijiy investorlari va pudratchilari tomonidan O'zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar bo'yicha kompaniyaning xorijiy sug'urta kompaniyalarga qayta sug'urtaga berilgan joriy sug'urta majburiyatlar hajmi 21,7 mlrd. AQSh dollarni tashkil etadi. Ushbu majburiyatlar 2024-yilgacha amalda bo'ladi.

Kompaniya mazkur yo'nalish bo'yicha Navigators Insurance Company (AQSh), Lancashire Insurance Company Limited (Buyuk Britaniya), Tokio Marine & Nichido Fire Insurance Co. Ltd. (Yaponiya), Allianz SE va HDI Global Network AG (Germaniya), AXA (Fransiya), People Insurance Company of China (Xitoy), Korean Reinsurance Company (Koreya), «Ingosstrax», «Sogaz» (Rossiya), Zurich Insurance Group (Shveytsariya) kabi dunyo sug'urta kompaniyalarining birinchi o'ntaligiga kiruvchi yetakchi transmilliy sug'urta kompaniyalari bilan faol hamkorlik qilmoqda.

Jismoniy shaxslar bilan ishlash bo'yicha yondashuvning tubdan yaxshilanishi, sug'urtaning ixtiyoriy va majburiy tizimiga shahar va qishloq aholisini faol jalb qilinishi «O'zbekinvest» kompaniyasi sug'urta faoliyatining 2018-yildagi asosiy yo'nalishlaridan biri bo'ldi.

Ushbu yo'nalishda amalga oshirilgan ishlar natijasida 12,6 mlrd. so'm hajmidagi yoki o'tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda 2,6 barobar ko'p sug'urta mukofoti yig'ildi. Shu bilan birgalikda, hududlarda, ayniqsa, chekka qishloqlarda sug'urta faoliyatini tubdan rivojlantirish bo'yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Buning natijasida joriy yilning birinchi yarmida 12 ta yangi hududiy sug'urta bo'limlari ochildi, hududiy filiallar tomonidan 34,3 mlrd. so'm yoki 2017-yilning shu davri bilan taqqoslaganda 146 foizga ko'p sug'urta mukofotlari yig'ildi. Tumanlardagi sug'urta bo'limlari tomonidan yig'ilgan sug'urta mukofolari hajmi 193 foizga o'sib, 16,4 mlrd. so'mni tashkil etdi.

Shu bilan birga, mijozlar soni oshishi kuzatilmoqda, jismoniy shaxslar hisoblangan mijozlar soni 231 foizga o'sib, 160 660 nafarni tashkil etgan, yuridik shaxslar bilan esa 23 754 ta sug'urta shartnomasi tuzilib, bu ko'rsatkich 2017-yilning shu davriga nisbatan 102 foizga o'sgan.

Hududlarda sug'urta xizmatlari qamrovini kengaytirish va sifatini oshirish yuzasidan olib borilgan amaliy ishlar natijasida hisobot davrida hududiy filiallar tomonidan jismoniy shaxslar bilan tuzilgan sug'urta shartnomalari soni 185 mingdan ortiqni yoki o'tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda o'sish 488 foizni, yuridik shaxslar bilan tuzilgan sug'urta shartnomalar soni esa 24 mingdan ortiqni yoki o'tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda o'sish 156 foizni tashkil etgan.

Kompaniya davlatning turizm sohasini tubdan rivojlantirishga qaratilgan siyosatida faol ishtirok etib, bir nechta yangi sug'urta mahsulotlari ishlab chiqildi va mijozlarga taklif etilmoqda.

Kompaniya o'z majburiyatlarini qat'iy bajarib, hisobot davrida sug'urta hodisalari bo'yicha aholiga va yuridik shaxslarga 11,5 mlrd so'm hajmida yoki o'tgan yilning shu davriga nisbatan 132 foizga ko'p sug'urta qoplamalarini to'lab berdi.

Kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo'yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar doirasida kompaniya faoliyatining muhim yo'nalishlari bo'yicha qator seminarlar tashkil etildi, 14 nafar xodim respublika va xorijiy o'quv markazlarga o'qishga yo'naltirildi.

Kompaniyaning imijini va sug'urta xizmatlarini targ'ib qilish hamda aholining sug'urta haqidagi xabardorlik darajasini oshirish maqsadida reklama-marketing faoliyatini faollashtirish bo'yicha tadbirlar tashkil etildi. Xususan, “Jahon futboli ishqibozi” aksiyasi o'tkazilib, g'oliblarga Rossiyada bo'lib o'tgan Futbol bo'yicha jahon chempionati markaziy o'yinlariga chiptalar taqdim etildi.

Investitsion faoliyatni faollashtirishga qaratilgan qator tadbirlar amalga oshirildi va foydalanilmagan imkoniyatlardan foydalanildi. Joriy yilning birinchi yarmida kompaniyaning investitsion portfeli o'tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda 192 foizga oshib, 710,9 mlrd. so'mni tashkil etdi. Shundan 255 mlrd. so'mi depozit ko'rinishida tijorat banklariga joylashtirildi, 439 mlrd. so'mi esa yirik tashkilotlar aksiyalariga jalb etildi. Ta'kidlash joizki, «O'zbekinvest» kompaniyasi yirik tijorat banklari, sug'urta kompaniyalari va neftgaz sohasidagi korxonalarning aksioneri hisoblanadi.

Sug'urta bozoridagi raqobatning kuchayib borayotganligi, shuningdek, taqdim etilayotgan sug'urta xizmatlari sifatiga mijozlar talabining oshishi muhitida «O'zbekinvest» kompaniyasi biznesni yuritishning innovatsion yondashuvlari asosida samarali faoliyatini davom ettirish va sug'urtalanuvchilarning shaxsiy va mulkiy manfaatlariga ishonchli sug'urta himoyasini taqdim etishni maqsad qilgan.

 

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati