«O'zbekinvest» milliy kompaniyasini AJga qayta tashkil etish taklif qilinmoqda

chop etish versiyasi
24.07.2018

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida Prezidentning «O'zbekinvest» eksport-import sug'urta milliy kompaniyasini qayta tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori loyihasi muhokama qilinmoqda.

Hujjatga muvofiq manfaatdor vazirliklar va idoralar tomonidan «O'zbekinvest» EIMSKni «O'zbekinvest» sug'urta kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyatiga (keyingi o'rinlarda - Jamiyat) qayta tashkil qilish taklif etilmoqda.

Shuningdek, ikki oylik muddatda quyidagilarni ta'minlash tavsiya etilmoqda:

  • ta'sis hujjatlari paketini tayyorlash va tasdiqlash;
  • Jamiyat tashkiliy tuzilmasini va ijro etuvchi organi tuzilmasini tasdiqlash;
  • Jamiyat ta'sis hujjatlari paketini ro'yxatdan o'tkazish;
  • xalqaro prinsiplar va korporativ boshqaruv usullarini tatbiq etish, fuqarolar va tadbirkorlik sub'ektlarining sug'urta xizmatlariga ehtiyojlarini to'liq qondirish maqsadida ish uslubini tubdan o'zgartirish, mahalliy va mintaqaviy sug'urta bozorlarida yetakchi o'rinlarni egallashni nazarda tutgan holda, 2018–2022-yillarda Jamiyat faoliyatini qayta tarkiblash va yangilash bo'yicha Yo'l xaritasini ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirish.

Toshkent sh., Chilonzor tumani, S mavzesi, Cho'pon ota ko'chasi manzili bo'yicha joylashgan bino va inshootlar xo'jalik boshqaruvi huquqida bepul foydalanish asosida Jamiyatga beriladi.

Manba: Kun.uz