2018-yilning 29-mart kuni “O'zbekinvest” milliy sug'urta kompaniyasining Toshkent viloyati filiali tomonidan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi qonunning mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda aholi bilan muloqotni yo'lga qo'yish samaradorligini oshirish maqsadida davra suhbati tashkil etildi.
Kompaniyaning Toshkent viloyati filiali rahbariyati, Toshkent moliya instituti o'qituvchi va talabalari Kompaniya mijozlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda ta'kidlandiki, bugun har bir tashkilot va korxona o'z faoliyatini rivojlantirish hamda ma'lum yutuqlarni qo'lga kiritishdan manfaatdor. Bunda esa ular xizmat ko'rsatayotgan sub'ektlarning fikr-mulohazasi, taklif va tanqidlari o'ta muhimdir. Turli maqomdagi mijozlarning murojaat qilish huquqlarini kafolatlab kelayotgan «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni mana shunday ikkitomonlama munosabatlarning oshkora, xolis va samarali o'tishini ta'minlamoqda.
Hujjatda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko'rib chiqish bilan bog'liq bo'lgan ijtimoiy munosabatlar tartibga solingani, «elektron murojaat» asoslari huquqiy mustahkamlangani o'z navbatida, tizimning sug'urta kompaniyalarida ham namunali ijro etilishiga omil bo'lmoqda.
Ushbu huquqiy hujjat ijrosini ta'minlash bo'yicha «O'zbekinvest» kompaniyasida ham tizim shakllantirilgan. Xususan, «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida»gi qonun ijrosi yuzasidan Kompaniya o'zining ichki tartibini ishlab chiqqan bo'lib, bunda murojaatlarni qabul qilish, ro'yxatga olish va ko'rib chiqish uchun yuborish, ko'rib chiqilishini nazorat qilish masalalari belgilab qo'yilgan.
Shuningdek, Kompaniya tizimida bosh direktor virtual qabulxonasi, ishonch telefon, tunu kun ishlovchi dispetcherlik xizmati, veb-saytda «Murojaatlarni ko'rib chiqish», «Savol-javob» kabi ruknlarning mavjudligi aholi bilan ishlash borasida o'z samarasini bermoqda.
Ushbu yo'nalishdagi ishlarni yanada samarali tashkil etish, Kompaniya tizimida jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko'rib chiqishning natijadorligini oshirish maqsadida tasdiqlangan rejaga muvofiq joylarda murojaatlarni ko'rib chiqish bo'yicha sayyor yig'ilishlar ham o'tkazilmoqda.
Davra suhbatida «O'zbekinvest» kompaniyasi mas'ul xodimlari tomonidan ishtirokchilarga «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida»gi qonunning mazmun-mohiyati, ushbu yo'nalishda Kompaniya tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, sug'urta hodisalari yuzasidan murojaatlarni ko'rib chiqish tartibi, Toshkent viloyati filiali tomonidan ko'rsatilayotgan xizmatlar haqida ma'lumot berildi.
Uchrashuvda ishtirokchilarni jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, sug'urta shartnomasini tuzish, sug'urta hodisasi yuz bergan holatlarda mijozlarning huquqlari bilan bog'liq va boshqa qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.
«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati