O'zbekistonda dastlab yirik tashkilotlarda majburiy sug'urta ta'minlanadi

chop etish versiyasi
25.04.2019

Toshkent shahrida Sog'liqni saqlash vazirligi va Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining O'zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan mamlakatimizda sog'liqni saqlashni moliyalashtirishni isloh qilish mavzusida oliy darajadagi siyosiy muloqotlar bo'lib o'tmoqda.

Muloqotda moliyaviy islohotlar va majburiy tibbiy sug'urtalashni joriy etish uchun mas'ul bo'lgan vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, JSST Yevropa mintaqaviy byurosi, Rossiya, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Ispaniya, Latviya va Koreya Respublikasi kabi yetakchi mamlakatlarning mutaxassis va ekspertlari, xalqaro moliya tuzilma vakillari ishtirok etmoqda.

Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, yurtimizda majburiy tibbiy sug'urtani bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida joriy yildan tizimning huquqiy asoslari ishlab chiqilmoqda. Mamlakatimizda ushbu jarayon 2021-yildan joriy etish boshlanadi va birinchi navbatda, yirik tashkilotlarda majburiy sug'urta ta'minlanadi. Muloqotda ushbu jarayonda, avvalo, majburiy tibbiy sug'urta jamg'armasini tashkil etish ekani ta'kidlandi. Sog'liqni saqlash xizmatlari uchun barcha resurslarni (daromad manbalaridan qat'i nazar) taqsimlashda tenglik va samaradorlik maksimal darajada hisobga olinadi.

Bo'lib o'tgan muloqotlarda sohani moliyalashtirishda e'tibor qaratish lozim bo'lgan jihatlar, majburiy tibbiy sug'urta hamda elektron sog'liqni saqlashni joriy etish kabi masalalar yana bir bor atroflicha muhokama etildi. O'tgan davr mobaynida jahon tajribasi va xalqaro ekspertlar takliflari asosida ishlab chiqilgan sog'liqni saqlashni moliyalashtirish xamda majburiy tibbiy sug'urtani joriy etishga qaratilgan strategiyaga yuqori baho berildi.