O'zbekistonda majburiy tibbiy sug'urtani joriy etish taklif etilmoqda

chop etish versiyasi
28.09.2018

Ayni kunlarda bo'lib o'tayotgan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining XVI yalpi majlisida O'zbekiston bosh vazirining o'rinbosari A.Abduhakimov ishtirok etib, O'zbekistonda majburiy tibbiy sug'urta joriy etishni taklif qilgan. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.

A.Abduhakimovning ta'kidlashicha, majburiy tibbiy sug'urta sohasida jahon tajribasini respublika sharoitlariga moslashtirish zarur. Mamlakatda har yili katta mablag'lar ajratilmoqda, shu asosda aholiga bepul tibbiy yordam berish mumkin.

Mamlakat asta-sekin xususiy tibbiyotga o'tadi. Chet elda tibbiy xizmatlarning 90 foizga yaqini xususiy sektor tomonidan ko'rsatiladi. Albatta, men bizda ham shunday bo'ladi, demoqchi emasman, - deya qo'shimcha qilgan.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Faol tadbirkorlik, innovasion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili” Davlat dasturida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalari kabi sug'urta ham qayd etib o'tilgan.

Dasturning 153-bandida ilg'or xorijiy tajriba asosida tibbiy sug'urta mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish bo'yicha konsepsiya ishlab chiqish belgilangan bo'lib, unda fuqaroning tibbiy va profilaktika xizmatlariga bo'lgan huquqlari tengligini, sug'urta polislariga asosan sifatli tibbiy xizmat ko'rsatish kafolatini ta'minlash, tibbiy va profilaktika xizmatlari narxlari, sug'urta mukofoti va majburiyati, sug'urta tovoni miqdori, ularni hisoblash va to'lovni amalga oshirishni tartibga solish mexanizmlari, tibbiy sug'urta jamg'armasini tuzish, uning mablag'larini shakllantirish manbalari, jamg'arma mablag'larini boshqarish hamda ulardan foydalanish tartibi ko'zda tutilgan.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati