Olmaota, 2025-yil 11-iyul. Sug‘urta va qayta sug‘urtalash sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida "O‘zbekinvest" eksport-import sug‘urta kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati delegatsiyasi bosh direktor rahbarligida Qozog‘iston Respublikasiga ishchi safarini amalga oshirdi.
Tashrif doirasida mamlakatning yetakchi sug‘urta kompaniyalari — “EUROASIA Insurance” va “Halyk Insurance” aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar yirik investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni birgalikda sug‘urtalash, shuningdek, sug‘urta sohasida tajriba almashish masalalarini muhokama qildilar.
Muzokaralar konstruktiv va ishbilarmon ruhda o‘tdi. Ikkala davlat rahbariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan mintaqaviy integratsiya jarayonlari sharoitida bunday hamkorlikning dolzarbligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha mutaxassislardan iborat qo‘shma ishchi guruhlarini tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu guruhlar oldiga hamkorlik mexanizmlarini batafsil ishlab chiqish va yaqin kunlarda o‘zaro tashriflarni tashkil etish vazifalari qo‘yildi.
"O‘zbekinvest EISK" AJ xalqaro hamkorlikni o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘radi va mintaqadagi sheriklik aloqalarini yanada mustahkamlashga intilishda davom etadi.