Bugun, joriy yil 16 avgust kuni "Oʼzbekinvest" SK ning Bosh direktori Аzimov Rustam Sadikovichning Kompaniyaning yosh xodimlari bilan uchrashuvi boʼlib oʼtdi. Suhbat avvalida Kompaniya rahbari oʼz ish faoliyati xaqida soʼzlab, hayotiy tajribasi bilan boʼlishdi: unda kundalik rioya etilgan qatʼiy tizim asosida vaqtdan, yaratilgan imkoniyatlardan toʼgʼri foydalanish yoshlarning amal pogʼonasidan koʼtarilishida omil boʼlib xizmat qilishi mumkinligini taʼkidladi.
Soʼngra soʼz yoshlarga berildi.Qayta sugʼurtalash va xalqaro aloqalar departamenti menejeri Shohabbos Xabibullaev yurtimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan umummilliy “Yashil makon” loyihasiga Kompaniya yoshlari ham oʼz hissasini qoʼshish istagi borligini gapirdi. Kompaniyaning Bosh direktori ushbu taklifni qoʼllab-quvvatladi va ijtimoiy masʼullik nafaqat tabiatga nisbatan, balki insonlarga, yordamga muhtoj boʼlgan, kam taʼminlangan nogironlarga ham yoʼnaltirilishi foydadan xoli emasligini uqtirdi va bu borada amalga oshirilayotgan ishlarda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Soʼzga chiqqan yoshlardan biri Qahramon Madrahimov har oy malakali mutaxassislar ishtirokidagi davra suhbatlarida yurtimizning yangi Farmon va Qarorlarini oʼrganib, tahlil qilish hamda siyosiy bilimlarni mustahkamlash yoʼnalishida bahs-munozaralardan iborat tadbirlarni tashkillashtirish, unga malakali mutaxassislarni taklif etish gʼoyasini ilgari surdi. Shuningdek, yangi ishga kelgan xodimning faoliyatiga ikki yil oʼtganidan soʼng, baho berish uchun uni attestatsiyadan oʼtkazish va natija asosida lavozimi, oylik maoshiga oʼzgartirish kiritish orqali Kompaniya xodimlarini maʼnan va moddiy ragʼbatlantirish mumkinligi xaqida soʼzladi. Bosh direktor ushbu ikki taklifga ham ijobiy javob berib, shu zahoti ushbu vazifani amalga oshirish uchun ishchi guruh tuzish, har yili yanvarь oyida amalga oshiriladigan yillik va KPI boʼyicha hisobotlari asosida xodimning malakasini baholash toʼgʼrisida buyruq tayyorlash vazifasini yukladi.
Xodimlar bilan ishlash departamenti menejeri Said Ortiqxoʼjaev yoshlarga berilayotgan eʼtibor uchun minnatdorchilik bildirdi va xodimlar malakasini oshirish boʼyicha toʼxtalib, tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan mahalliy va chet el amaliyotlariga yosh kadrlarni yuborish taklifini kiritdi. Kompaniyaning Bosh rahbari bu taklifni ham qoʼllab- quvvatladi va unga 10 nafar yoshlardan iborat guruh tuzish vazifasini yuklatib, ushbu guruhning yarmisi hududiy filiallarning yosh kadrlari tashkil etishi zarurligini uqtirdi.
Yuqorida qayd etilgan takliflar oʼzining ijobiy samarasini berishiga umid bogʼlab, Kompaniya Bosh direktori yoshlarga omad tiladi va muvaffaqiyatning kaliti bilim ekanligini, hayotda oʼz oʼrni va mavqeiga ega boʼlish maqsadini oldiga qoʼygan har bir inson kuniga 200 dan ziyod yangilikni egallashi, oyiga esa kamida 2 ta kitobni oʼqib bitirishi zarurligi xaqida maslahat berdi. Soʼngra ishtirokchilarni yaqinlashib kelayotgan yurtimiz Mustaqilligi bayrami bilan tabrikladi va tadbirga yakun yasadi.