«O‘zbekinvest» EISK AJ hamda Fransiyaning Bpifrance Assurance Export kompaniyasi hamkorlik to‘g‘risida kelishuvni imzoladilar

chop etish versiyasi
11.09.2025

2025-yil 10-sentyabr kuni Parij shahrida «O‘zbekinvest» eksport-import sug‘urta kompaniyasi va Fransiyaning Bpifrance Assurance Export davlat eksport-kredit agentligi o‘rtasidagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi.

Ikki kompaniya rahbarlari tomonidan kelishuvni imzolash jarayonida, mazkur hujjat O‘zbekiston Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev va Fransiya Prezidenti E. Makron o‘rtasidagi muzokaralar davomida erishilgan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga oid kelishuvlarni amalga oshirish uchun ishonchli mexanizm yaratishga xizmat qilishi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Hujjatda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida investitsiya faoliyati hamda eksport-import operatsiyalari bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik subyektlariga sug‘urta kafolatlarini taqdim etish, zarur ma’lumotlar almashish, maslahat xizmatlari ko‘rsatish va boshqa masalalar nazarda tutilgan. Ayniqsa, fransuz kompaniyalarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritayotgan investitsiyalarini sug‘urta yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Ikki tomon o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish maqsadida investitsiyaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va hamrohlik qilish uchun doimiy ishchi guruh tuzildi. Shuningdek, kelishilgan harakatlar dasturini amalga oshirish maqsadida fransuz kompaniyasining rahbariyati va mas’ul xodimlarining O‘zbekistonga tashrif muddatlari belgilab olindi.