J.y. 16-iyul kuni "O‘zbekinvest" EISK AJda “Iqtisodiyot, Moliya va Sug‘urta” ilmiy-amaliy Kengashining III yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

chop etish versiyasi
17.07.2025

Navbatdagi ilmiy-amaliy tadbir “Global iqlim o‘zgarishi sharoitida sug‘urta: muammolar va imkoniyatlar” mavzusiga bag‘ishlandi. Yig‘ilishda Biznesni sug‘urtalash hamda hududiy tarmoqlarni istiqbolli rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash markazi menejer katta assistenti B.Sultonov “Global iqlim o‘zgarishi sharoitida qanday sug‘urta turlari dolzarb bo‘lib bormoqda?” mavzusida, Aktuar hisob-kitob va sug‘urta zahiralarini shakllantirish departamenti menejeri B.Husanov “Iqlim o‘zgarishining sug‘urta bozori va risklarni baholashga ta’siri” mavzusida hamda Notijorat tashkilotlari assotsiatsiyasi qayta sug‘urtalash brokeri A.Migashko “Tabiiy ofatlarning iqlim o‘zgarishiga ta’siri” mavzusida ma’ruzalar qilishdi.

So‘zga chiqqanlar iqlim o‘zgarishi bo‘yicha global tendensiyalar va mahalliy ta’sirlar, sug‘urta risklarining evolyutsiyasi, ekstremal ob-havo hodisalari sharoitida innovatsion sug‘urta mahsulotlarining ahamiyati, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda mavjud iqlim xavflari, tavakkalchiliklarni baholashda an’anaviy risk modellari va Big Data, IoT, AI texnologiyalari to‘g‘risida axborot berishdi.

Shu bilan birga, tadbir davomida 2023 yildagi e’tiborga molik bo‘lgan sug‘urta to‘lovi bilan bog‘liq hodisalar, jahon bo‘yicha sug‘urta yo‘qotishlari, tabiiy ofat turlari bo‘yicha global yo‘qotishlar, yo‘qotishlarning ortib borish tendensiyasi to‘g‘risidagi statistik tahlillar va ma’lumotlar taqdim etildi va ularning o‘sishiga turtki bo‘ladigan omillar kabi muhim jihatlar yuzasidan fikrlar bayon etildi.