«O‘zbekinvest» EISK AJ rasmiy bayonoti

chop etish versiyasi
19.02.2026

2026 yil 17 fevral kuni «Effekt Makarenko» telegram-kanalida (t.me/makarenko_channel) «O‘zbekinvest» EISK AJning shu’ba korxonasi — sug‘urta holatlari bo‘yicha mijozlar da’volarini ko‘rib chiqish bilan shug‘ullanuvchi «O‘zbekinvest Assistans» faoliyati haqida tanqidiy fikrlar bildirilgan materiallar joylashtirildi.

Avvalo shuni ta’kidlaymizki, kompaniya jamoatchilik tanqidini qayta aloqaning muhim shakli hamda xizmat ko‘rsatish sifatini yanada takomillashtirishga xizmat qiluvchi omil sifatida qabul qiladi. Muallifning xizmat ko‘rsatish ofisiga shaxsiy tashrifi natijasida shakllangan hissiy munosabatiga tushunish bilan qaraymiz.

Joylashtirilgan postlarda «hech narsani elektron tarzda amalga oshirib bo‘lmaydi», shuningdek «YHXBB, sud, baholovchilardan bir to‘da hujjatlar to‘plash», «yagona bo‘lgan ofisga borish», «soatlab kutish» kabi iddaolar keltirilgan.

Shu munosabat bilan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

2026 yil 17 fevral kuni soat 12:35 da Toshkent shahri Chilonzor tumani, Cho‘pon-ota ko‘chasi, 4b-uy (4-qavat) manzilida joylashgan «O‘zbekinvest Assistans» MChJ ofisiga mazkur telegram-kanal asoschisi Nikita Makarenko tashrif buyurdi. Tashrif maqsadi turmush o‘rtog‘ining avtotransport vositasi bo‘yicha sug‘urta holatiga oid hujjatlarni topshirishdan iborat bo‘lgan.

Ushbu vaqtda «O‘zbekinvest Assistans»ning uch nafar xodimi mijozlarga xizmat ko‘rsatayotgan edi, bu videokuzatuv kameralari yozuvlari bilan tasdiqlanadi. Navbat kutayotgan fuqarolar N. Makarenkoga belgilangan xizmat ko‘rsatish tartibiga muvofiq navbat asosida qabul amalga oshirilishini tushuntirishgan. Keyinchalik murojaat etuvchi xodimlarga, jumladan «Yevroprotokol» tartibi bo‘yicha hujjat topshirish masalasida aniqlik kiritish uchun murojaat qildi. Xodim tomonidan hujjatlar mazkur manzilda qabul qilinishi tasdiqlandi hamda tushlik tanaffusiga 15 daqiqa qolgani va navbat kutayotgan fuqarolar mavjudligi sababli qabul tushlikdan so‘ng birdaniga navbat asosida amalga oshirilishi mumkinligi tushuntirildi. Tushuntirishlar berilgach, fuqaro N. Makarenko hech qanday e’tiroz va da’volarsiz ofisni tark etdi.

Da’vo ishlarini ko‘rib chiqish bo‘limida uch nafar mutaxassis mijozlardan arizalar qabul qiladi. Kunlik murojaatlar sonining ko‘pligi inobatga olingan holda ayrim davrlarda 5–6 nafardan oshmaydigan tirik navbat shakllanishi mumkin. (Ma’lumot uchun: «O‘zbekinvest» kompaniyasi har yili 1 milliondan ortiq jismoniy shaxs — O‘zbekiston fuqarolariga xizmat ko‘rsatadi). Yo‘l-transport hodisalari bo‘yicha murojaat etilganda, odatda, jabrlanuvchilar va aybdor deb topilgan shaxslardan tashqari ularga hamrohlik qiluvchi fuqarolar ham kelishi hisobga olinishi lozim, bu esa tashrif buyuruvchilar sonining oshishiga obyektiv sabab bo‘ladi.

Alohida ta’kidlaymizki, sug‘urta holati yuz berganligi haqida xabar berishni elektron shaklda amalga oshirish mumkin:

  • insurance.uz rasmiy veb-sayti orqali («Sug‘urta holati» bo‘limi);
  • kompaniyaning mobil ilovasi orqali («Sug‘urta holati» bo‘limi).

Bundan tashqari, sug‘urta holati yuz berganda jabrlanuvchi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali «Majburiy va ixtiyoriy sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta da’volarini taqdim etish» interaktiv xizmati (https://my.gov.uz/ru/service/886) orqali murojaat qilishi hamda murojaat holatini kuzatib borishi (https://my.gov.uz/ru/service/892) mumkin.

Qo‘shimcha ravishda tushuntiramizki, avtotransport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta holatini ko‘rib chiqish uchun zarur hujjatlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi, xususan, 2008 yil 24 iyundagi 141-sonli Vazirlar Mahkamasi qarori va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan. Ushbu ro‘yxat sug‘urta kompaniyasi tomonidan ixtiyoriy ravishda shakllantirilmaydi va uning xohishi yoki mijozlar talabi asosida o‘zgartirilishi mumkin emas. Majburiy hujjatlar tarkibiga o‘zgartish kiritish faqat qonunchilikka tegishli o‘zgartishlar kiritish orqali amalga oshiriladi. Zarur tasdiqlovchi hujjatlar vakolatli davlat va boshqa tashkilotlar tomonidan beriladi, bu esa sug‘urta kompaniyasi vakolatiga kirmaydi.

«O‘zbekinvest» EISK AJ mutaxassislari da’vo ishlarini qonun bilan belgilangan tartib va muddatlarga qat’iy rioya qilgan holda ko‘rib chiqadilar.

Kompaniya barcha mijozlarga nisbatan teng va hurmatli munosabat tamoyiliga qat’iy rioya qiladi. Xizmat olish uchun navbatda turgan fuqarolarga nisbatan o‘zaro hurmat jamoatchilik munosabatlarining to‘g‘ri va samarali shakllanishi uchun zaruriy shart hisoblanadi, ularning ijtimoiy maqomidan qat’i nazar.

Ma’lumot uchun: hozirgi vaqtda kompaniya 1 milliondan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatmoqda. So‘nggi uch yilda yuridik va jismoniy shaxslarga 420 milliard so‘mdan ortiq sug‘urta tovonlari to‘lab berilgan, shundan 2025 yilda — 131,6 milliard so‘m.

«O‘zbekinvest» EISK AJ o‘z faoliyatini amaldagi qonunchilik va belgilangan tartib-taomillar asosida amalga oshiradi hamda muallifni joylashtirilayotgan axborotning to‘g‘riligini tekshirishga, jamoatchilikni chalg‘itmaslikga va Kompaniya hamda muallifning obro‘siga soya solmaslikni iltifot bilan chaqiradi.