“O'zbekinvest” kompaniyasida sug'urtada marketing masalasi muhokama etildi

chop etish versiyasi
27.11.2017

2017 yilning 24 noyabr kuni «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasida “Sug'urtada marketing” mavzusida seminar-trening bo'lib o'tdi.

Mazkur seminarni tashkil etishdan ko'zlangan asosiy maqsad – «O'zbekinvest» kompaniyasi faoliyati va taklif etilayotgan sug'urta xizmatlar to'g'risidagi ma'lumotlarning keng jamoatchilikka yetkazilishini takomillashtirish hamda xizmatlar sifatini oshirish bo'yicha amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Barcha savdo va xizmat ko'rsatuvchi korxonalarda bo'lgani kabi sug'urta kompaniyalari uchun ham ularning faoliyati hamda taklif etilayotgan xizmatlar mohiyatini o'z mijozlariga qulay yetkazish, xizmatlar sifatini oshirish muhim yo'nalishlardan biri hisoblanadi. Buning uchun iste'molchilar muammolarini o'rganish, ulardan kelib chiqib o'z faoliyatini takomillashtirish talab etiladi.

Amaliy seminarda ta'kidlanganidek, sug'urta bozorini tahlil qilish, raqobatdosh xizmatlarni ishlab chiqishning ahamiyati katta. Sug'urta kompaniyalari faoliyati marketing rejasi bilan o'zaro yaqindan bog'langan boʻlishi lozim. Bugungi kunda sug'urta bozorida raqobat faollashishi natijasida xalqaro standartlarga mos sug'urta turlari ishlab chiqilib, xizmat ko'rsatish sifati yuqori darajaga ko'tarilmoqda. Sug'urta bozori infratuzilmasi ham rivojlanib, yildan-yilga uning professional ishtirokchilari soni ortib bormoqda.

Tadbir davomida ishtirokchilarga sug'urta sohasida ishni tashkil etish, mijozlar bilan bevosita ishlash, qayta aloqani mustahkamlash kabi mavzularda mahorat darslari tashkil etildi.

Shuningdek, bozor iqtisodiyoti sharoitida tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan yoki taklif etilayotgan xizmatlar raqobatdoshligini ta'minlash yuzasidan amaliy misollar bilan ishtirokchilarga tegishli tavsiyalar berildi.