2020-yil yakunlari bo'yicha "O'zbekinvest" kompaniyasi 262 mlrd. so'm miqdorida sug'urta mukofotlarini yig'ib, O'zbekiston sug'urta bozorida yetakchilikni mustahkamladi.
Kompaniya investitsiya loyihalari, kichik va o'rta biznes subyektlari, erkin iqtisodiy, industrial va sanoat zonalari subyektlarini, transport vositalari egalarining javobgarligi va eksportchilarni kompleks sug'urtalash bo'yicha sug’urta mukofotlarining yig'imi keskin o'sishi natijasida birinchi o’rinni egalladi.
Mijozlar bazasi 138 foizga o'sishi ta’minlandi, 686 mingdan ortiq yuridik va jismoniy shaxslar “O'zbekinvest” kompaniyasiga ishonch bildirishdi.
2020-yilda kompaniya qayta sug'urtalash xalqaro bozorida faoliyatni faollashtirish natijasida keskin o'sish sur'atlarini ko’rsatib, ushbu biznes yo'nalishi bo'yicha sug'urta mukofotlari hajmi 2019-yilga nisbatan 13 baravar o’sib, 95 mlrd. so'mni tashkil qildi. Natijada, kompaniya portfelidagi xalqaro sug'urtaning ulushi 3 foizdan dan 37 foizgacha o'sdi.
2020-yilda kompaniya tomonidan 69,9 mlrd. so'm sug'urta tovonlari to'landi va 2019-yilning shu davriga nisbatan 44,8 mlrd. so'mga ko'proq bo’ldi yoki o’sish 2,8 baravar bo’ldi. Bu ko’rsatkichning o’sishiga Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida texnogen talofat va tabiiy ofat natijasida jabrlanganlarga sug’urta qoplamalarini to’lanishi, hamda, aholiga "Covid-19" dan sug'urta bo'yicha to'lovlar keskin o’sishi asosiy sabablardan bo’ldi.
Kompaniya tomonidan 2019-yilga nisbatan 6 baravar yoki 16,5 mlrd. so'mga ko'proq soliq va to’lovlar byudjetga to’lanib, 2020-yilda bu ko’rsatkich hajmi 19,9 mlrd. so'mni tashkil qildi.
Soliq va sug'urta to'lovlarining hajmini o’sishiga qaramay, kompaniya aktivlari 2019- yilga nisbatan 115,4 foizga ko’payishi ta’minlandi. Shuningdek, yig’ilgan sug'urta mukofotlarining ma’lum qismi kompaniya depozit bazasini kengaytirishga yo’naltirilib, "O'zbekinvest" AJ milliy valyutadagi depozit portfeli 121 foizga, xorijiy valyutadagi depozit portfeli 105 foizga oshdi.
Kompaniyaning sof foyda hajmi 2019-yil yakunlariga nisbatan 125 foizga oshdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirzieyev tomonidan 2021-yil Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi sog’lig’ini mustahkamlash yili deb e'lon qilinishi munosabati bilan belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda joriy yilda "O'zbekinvest" kompaniyasi biznesning yangi yo’nalishlarini rivojlantirishni davom ettirib, qishloq joylarda mijozlar bazasini kengaytirishni, zamonaviy axborot texnologiyalari, mijozlar bilan masofaviy va on-layn aloqalarni joriy etish orqali sug'urta xizmatlarining sifatini va qulayligini oshirish, shuningdek, xalqaro sug'urta bozorlarida xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikni kengaytirish va sug'urta xizmatlari eksportini oshirishni ustuvor vazifa qilib belgiladi.