«O‘zbekinvest» xalqaro ekspertlar yordamida kadrlar salohiyatini mustahkamlamoqda

chop etish versiyasi
12.09.2025

O‘zbekiston sug‘urta bozorida yuz berayotgan o‘zgarishlar kompaniyalardan yangi yondashuvlarni talab qilmoqda. Shu maqsadda «O‘zbekinvest» 2025 yil 8–12 sentyabr kunlari xodimlar uchun global chaqiriqlar sharoitida ishlashga zarur bo‘lgan asosiy kompetensiyalarni shakllantirishga qaratilgan intensiv seminar-trening o‘tkazdi.

Seminar-treningni o‘tkazish uchun xalqaro nufuzli ekspertlar taklif etildi: Yevropaning yetakchi biznes maktablari — ESMT Berlin, London Business School va HHL-Leipzig lekori, etik liderlik sohasi bo‘yicha ekspert D-r Fransiska Frank hamda global brokerlik kompaniyasi Marsh vakili Xeyko Vaber.

Besh kun davomida ishtirokchilar qator mavzularni qamrab oldilar. Jumladan, Germaniyaning sug‘urta va qayta sug‘urtadagi tajribasi, korporativ boshqaruvning zamonaviy yondashuvlari, etik liderlik, rasmiy vakolatsiz ta’sir ko‘rsatish usullari va bosim ostida qaror qabul qilish ko‘nikmalari o‘rganildi.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston sug‘urta bozori hozirgi paytda shakllanish bosqichida. Biroq yaqin yillarda sun’iy intellektning joriy etilishi, xalqaro raqobatning kuchayishi va mehnat bozoridagi o‘zgarishlar sohada yangi chaqiriqlarni keltirib chiqaradi. Shu bois «O‘zbekinvest» menejer va mutaxassislarini o‘zgaruvchan biznes muhitida ishlashga tayyorlash strategik ahamiyatga ega omil hisoblanadi.

Tashkil etilgan seminar-trening kompaniya xodimlariga zamonaviy chaqiriqlarni chuqur anglash imkoniyatini berdi, shuningdek ularga muvaffaqiyatli yechim topish uchun amaliy vositalarni taqdim etdi. Alohida e’tibor yetakchilik sifatlarini rivojlantirish, jamoada samarali hamkorlik qilish va manfaatdor tomonlar bilan ta’sirchan muloqot ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratildi.

Shu tariqa, «O‘zbekinvest» tashabbusi kompaniyaning korporativ o‘quv tizimini barqaror shakllantirish, uzoq muddatli rivojlanishga erishish va sug‘urta xizmatlari bozorida o‘z pozitsiyalarini mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.