«O‘zbekinvest» EIMSK Bern Ittifoqi yig‘ilishida ishtirok etdi

chop etish versiyasi
24.10.2019

«O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi vakillari joriy yilning 20-24 oktabr kunlari 1997-yildan buyon a'zo bo‘lgan Bern Ittifoqining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Bern Ittifoqi eksport kreditlari va investisiyalarni sug‘urtalovchilarning Xalqaro Ittifoqi hisoblanib, dunyoning eksport-kredit agentliklarini birlashtiradi. Mazkur Ittifoqning doimiy o‘tkazib boriladigan yig‘ilishlarida tashkiliy, anderrayting va texnik masalalar, shuningdek, eksport kreditlari sug‘urtasini rivojlantirish istiqbollari va tashqi iqtisodiy faoliyat sub'ektlari va tijorat banklari sug‘urtasining o‘ziga xosliklari muhokama qilinadi.

Bern Ittifoqiga a'zolik «O‘zbekinvest» kompaniyasi faoliyatining xalqaro bozordagi rivojiga hissa qo‘shmoqda va xalqaro sug‘urta hamjamiyatining boshqa ishtirokchilari bilan zarur hamkorlik aloqalarining o‘rnatilishiga yordam bermoqda. Yig‘ilish doirasida «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi va Italiyaning «SACE» eksport kredit agentligi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv davomida muzokaralar o‘tkazilib, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha masalalar muhokama etildi.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha «O‘zbekinvest» EIMSK va Italiyaning «SACE» EKA o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Ushbu kelishuv ikki davlat eksportchilariga sug‘urta himoyasini taqdim etish, xususan, O‘zbekiston-Italiya qo‘shma korxonalarini uchinchi mamlakatlarda sug‘urtalash va qayta sug‘urtalash sohasida, mamlakatlar, korxonalar va banklar o‘rtasida doimiy asosida o‘zaro ma'lumotlar almashinuvini amalga oshirish hamda hamkorlik jarayonida konsul'tasiya berish va har tomonlama ko‘maklashish bo‘yicha keng imkoniyatlarni yaratadi.

«O‘zbekinvest» kompaniyasi axborot xizmati