«O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi va Eksport kreditlari va investisiyalarni sug‘urtalash bo‘yicha Rossiya agentligi («EKSAR» AJ) eksport sug‘urtasi sohasida hamkorlik qiladi.
Joriy yilning 20-24 oktabr kunlari Hindistonning Haydarobod shahrida eksport kreditlari va investisiyalarni sug‘urtalovchilarning xalqaro ittifoqi – Bern Ittifoqining har yili tashkil etiladigan kuzgi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
«O‘zbekinvest» EIMSK vakillari mazkur yig‘ilishda faol ishtirok etdi va tadbir ishtirokchilari bilan muzokaralar olib bordi.
Yig‘ilish doirasida joriy yilning 23-oktabr kuni «O‘zbekinvest» EIMSK va «EKSAR» AJ rahbariyat o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi. Unda O‘zbekiston va Rossiyaning eksport-kredit agentliklari o‘rtasida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama etildi.
Olib borilgan muzokaralar natijasida «O‘zbekinvest» EIMSK va «EKSAR» AJ o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Ta'kidlash joizki, mazkur kelishuv ikki mamlakat eksportchilariga sug‘urta himoyasini taqdim etish, xususan, mahsulotlarni uchinchi mamlakatlarga eksport qilish, investisiya loyihalarini sug‘urtalash, eksport kreditlarini sug‘urtalash va qayta sug‘urtalashda va ikki tomonlama o‘zaro hamkorlikning boshqa masalalari bo‘yicha hamkorlik qilishda yangi istiqbollarini ochadi.
«O‘zbekinvest» kompaniyasi axborot xizmati