«O‘zbekinvest» eksportchilar uchun sug‘urta xizmatlarini kengaytirmoqda

chop etish versiyasi
17.09.2019

Joriy yil 13-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub'ektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida»gi PF-5780-sonli farmoni qabul qilindi.

Ushbu farmon bilan tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi»ga muvofiq «O‘zbekinvest» milliy sug‘urta kompaniyasiga eksport bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'ektlariga kreditlarni ajratishda tijorat banklarining xatarlarini sug‘urtalash amaliyotini kengaytirish vazifasi yuklatilgan.

Prezident farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida Kompaniya tomonidan mahalliy eksportchilarga beriladigan kreditlar qaytmasligi xatarini sug‘urtalash mexanizmi ishlab chiqilib, mahalliy eksportchilar va tijorat banklarini sug‘urta himoyasi bilan ta'minlash faol davom ettirilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi TIF Milliy banki, «O‘zsanoatqurilishbank» ATB va «Asaka» ATB bilan bilan eksportni qo‘llab-qo‘vvatlash bo‘yicha hamkorlik bitimlari imzolanib, maqsadli depozitlar ham joylashtirildi. Ushbu bitimlar doirasida Kompaniya tomonidan «Asaka» ATB so‘rovi bo‘yicha sug‘urta himoyasi taqdim etildi va ayni paytda eksportoldi moliyalashtirish doirasida taqdim etiladigan kreditlarni sug‘urtalash bo‘yicha Kompaniyaga yana 5 ta ariza kelib tushgan.

«O‘zbekinvest» milliy sug‘urta kompaniyasi eksport shartnomalari va eksport kreditlarini sug‘urtalash bo‘yicha tijorat banklari va eksportchilarni hamkorlikka taklif etadi va arizalarni ko‘rib chiqishga tayyorligini ma'lum qiladi.

«O‘zbekinvest» kompaniyasi Axborot xizmati