Turli baxtsiz hodisalarga duch kelmaslikdan hech kim kafolatlanmagan, shuning uchun ham kishilar o'zlarining hayoti va sog'lig'i yoki mol-mulkini kutilmaganda yetadigan zararlardan himoya qilish maqsadida sug'urtaga murojaat qiladilar. Bu o'z navbatida sug'urta kompaniyalaridan sug'urta hodisasi yuz berganda mijoz da'vosini imkon qadar tez ko'rib chiqishni talab etadi. Sug'urta qoplamasini o'z vaqtida to'lab berish sug'urta kompaniyasi nufuzini belgilab beruvchi muhim omillardan biri hisoblanadi va mijozlar ishonchi mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Ushbu jihatlar inobatga olinib, «O'zbekinvest» milliy sug'urta kompaniyasi tomonidan sug'urta da'volarini ko'rib chiqish va qoplamalarni to'lab berish borasida ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Agar raqamlarga murojaat qilinsa, 2019-yilning yanvar oyida mijozlar murojaatlari asosida ixtiyoriy tibbiy sug'urta, qurilish qaltisliklari sug'urtasi, ish beruvchi va transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urtasi, baxtsiz hodisalardan sug'urtalash kabi shartnomalar bo'yicha 1018 ta sug'urta da'volari ko'rib chiqilib, 1 mlrd. so'mdan ortiq sug'urta qoplamasi to'lab berilgan. Ko'rib chiqilgan sug'urta da'volarining 88 foizi ixtiyoriy sug'urta turlariga to'g'ri kelsa, qolgan 11 foizini majburiy turlar ulushiga to'g'ri keladi.
Ta'kidlash joizki, «O'zbekinvest» kompaniyasi tomonidan aholi bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish maqsadida Ishonch telefoni, 24 soat ishlovchi dispetcherlik xizmati tashkil etilgan. Shuningdek, Toshkent shahri va poytaxt viloyati hududi bo'yicha xizmat ko'rsatuvchi assistants xizmati faoliyati yo'lga qo'yilgan bo'lib, sug'urta hodisasi yuz berganda kompaniya xodimlari voqea joyiga etib borib, zarur yordamni ko'rsatmoqda.
«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati