Oʻzbekinvest sugʻurta kompaniyasi Sirdaryo viloyatida jabr koʻrgan oilalarga 150 mln. soʻmlik xayriya yordamini yoʻlladi hamda sugʻurta qoplamalarini toʻlab berishni boshladi, buning uchun 5 mlrd. soʻm miqdorida zahira shakllantirilgan

chop etish versiyasi
14.05.2020

Sirdaryo viloyatining Sardoba, Mirzaobod, Oq oltin tumanlarida aholining uy-joylarini buzilishiga va mol-mulklaridan ayrilishiga olib kelgan tabiiy ofat oqibatida mazkur hududlarda jabr koʻrgan oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekinvest kompaniyasi

150 mln. soʻmlik xayriya yordamini yoʻlladi.

Shuningdek, Oʻzbekinvest kompaniyasi uy-joylarini yoʻqotgan va vaqtincha maktab hamda bolalar bogʻchalarida joylashtirilgan aholiga dori darmon, shaxsiy gigiyena vositalari, ichimlik suvi va boshqa zarur vositalarni oʻz ichiga olgan insonparvarlik yukini joʻnatdi.

Hozirgi kunda Oʻzbekinvest kompaniyasi fuqarolarning kompaniyada sugʻurtalangan mol-mulklariga yetkazilgan zararlar miqdorlarini baholash va toʻlash ishlariga faol kirishdi hamda arizalar kelgandan boshlab ikki kun ichida 120,5 mln. soʻm miqdoridagi zararni kompaniyaning Mirzaobod tumanidagi birinchi mijozlariga qoplab berdi.

Shu bilan birga, Buxoro viloyatida boʻlgani kabi kompaniya mutaxassislari sertifikatlangan baholovchilar bilan birgalikda qisqa vaqt muddatlarda zararlar koʻrib chiqish, ularning miqdorlari aniqlash va aziyat chekkan oilalarga sugʻurta qoplamalarini toʻlab berish ishlarini yakunlaydilar. Ushbu maqsadlar uchun kompaniyada 5 mlrd. soʻm miqdorida zahira shakllantirilgan.